Home / Jamiyat / Sherlar tuplami Ona hakida sms sherlar

Sherlar tuplami Ona hakida sms sherlar

O’zbek adabiyoti Ona haqida yozilgan durdona asarlarga nihoyatda boy. Onani ulug’lashda, madh etishda ijodkorlarimiz chin manoda ulkan yutuqlarga erishgan. Nasrda ham, nazmda ham har qancha maqtovga arziydigan asarlarimiz borligi bizga g’urur va iftikhor bag’ishlaydi.

zokiri_rashidi_modar

Ilk bor nashrga tayyorlangan ushbu kitobdan (Toshkent, «O’zbekiston»- 2013; To’plovchi va so’zboshi muallifi: Ashurali Jo’raev) o’rin olgan sherlar asosan Ona haqida, onaning ulug’ligi va beqiyos fazilatlari haqida. Bu sherlarni o’qish jarayonida dastlab kishi ko’z oldiga o’z onasining nurli va mehrli siymosi namoyon bo’ladi.

ONA SAYYoRASI
Ashurali Jo’raev

Ona!

Bu tabarruk so’zni aytish yoki eshitish bilan yuragimizda bekhosdan cheksiz mehr paydo bo’ladi. Va har safar vujudimizda onaning munis va mehribon siymosi aks eta boshlaydi. Tomirlarimizda samimiyat va yakhshilik daryoday jo’sh uradi. Ona, deyish bilan tilimiz ham, dilimiz ham beqiyos insoniy mehr-muhabbatga, ezgulikka to’lib-toshib boraveradi, boraveradi…

Bolaligimizda, aniqrog’i esimizni taniy boshlagan kezlarda bizga; “Onangni yakhshi ko’rasanmi yoki otangni yakhshi ko’rasanmi”, deb paydar-pay savol berishadi. Va tabiiyki, ko’pchilik, “onamni”, deb javob beradi. Bu aslo otamni yomon ko’raman, degani emas. Aksincha, bu onaga bo’lgan mehr-muhabbatning yuksak ramzi, onaga bo’lgan samimiyatning bebaho izhori ekanligini otalarimiz ham tushunadi. Onalarimizni yakhshi ko’rishimiz, ardog’lashimiz va khurmat qilishimiz otalarimizga hech mahal og’ir botmaydi. Chunki, otalarimizning ham onalari bor. Ular ham o’z onalarini bizday qadrlab, bizday yakhshi ko’rib biz kabi khurmat qilishiga ishonamiz. Onani ezozlash, qadr-qimmatini o’rniga qo’yib, boshga toj kabi ko’tarish bizlarga ota-bobolardan meros. Mashhur qo’shiqda aytilganidek: «Bu olamda ulug’ zot kim, desang, doim onam derman».

Ona ulug’ zot bo’lish bilan birga, o’zida hayratli mo’jizalarni mujassam etgan sir-sinoatlarga boy inson. Masalan, go’dak chinqirib yig’layapti. Uni atrofidagilar qancha harakat qilmasin tinchlantirolmayaptilar. Bola na aldovga, na do’qqa ko’nadi. Yumushlardan bo’shagan onasi uni darhol bag’riga bosadi. Go’dak ona isini olishi bilan tinchiydi. Yana bir holat: bola kasal, issig’i baland, bir ahvolda yotibdi. Unga doktorning dori-darmonlari ham unchalik kor qilmayapti. Shunda ona alahsirayotgan farzandining peshonasiga mehr bilan haroratli kaftini qo’yadi. Bir pastdan so’ng bola orom ola boshlaydi. Ona bilan bog’liq bunday hayratli misollarni ko’plab keltirish mumkin.

Ona shu qadar ulug’ va qudratli zotki, u ko’zga ko’rinmas ulkan kuch bilan, mehr-muhabbat bilan faqat farzandlarini, yaqinlarini emas, balki butun boshli insoniyatni bag’riga bosib, dardiga darmon bo’la oladi.

Ona hamisha o’zida beqiyos kuch-qudrat topaoladigan noyob qudrat egasi. Yana bir gap: jafokash tarikh sahifalaridan yakhshi bilamizki, onalar eng og’ir va qiyin davrlarda ham, qatag’on va qahatchilik yillaridan ham metin irodali va mehribon, jasoratli va samimiy, dovyurak va mehnatkash bo’lib, avvalo, jonidan ham aziz farzandlarini, tug’ilib o’sgan Vatanini asrab qolish uchun hayotini fido qilishdan aslo qaytmaganlar. Onalar qatag’onlardan qo’rqmaganlar, tuhmatlardan aslo cho’chimaganlar. Farzandlar esa onalarning jasorati va mardona nigohlaridan kuch-quvvat olganlar, botir bo’lganlar… Bunday ulug’ onalar khotirasi oldida bosh egib, ularning ruhlariga hamisha duolar qilish insoniy burchimizdir.

Odam bolasi ona tufayli bu yorug’ jahonni ko’rish bakhtiga muyassar va musharraf bo’ladi. Ona tufayli bu hayotning barcha lazzatlaridan bahramand bo’ladi. Ona tufayli dunyoning zavq-shavqiga, quvonchlariga ko’milib yuradi. Ona tufayli bakht-iqbolga erishadi. Ona tufayli umrini yakhshiliklarga, ezguliklarga, fidoyi ishlarga safarbar etadi. Ona tufayli umrini yakhshi va ezgu amallar bilan bezaydi. Har bir farzand, khoh u o’g’il bo’lsin, khoh u qiz bo’lsin eng avvalo, onasini rozi qilishga intiladi. Onasi oldidagi qarzni uzishni sharafli burchi, deb biladi.

Ona bahti — farzandlar bahti, oila bakhti, jamiyat bahti. Ona bu bebaho bahtni hech kimga, hech nimaga alishmaydi.

Bazan onani umri uzoq va metinday mustahkam darahtlarga qiyoslashadi. Yoki ona irodasini ulkan tog’larga, ona mehrini daryolari-u ummonlarga o’hshatishadi. Bu o’hshatishlarning barchasi haqiqat. Go’yo eng yoshi ulug’ darahtlar ham onalar umriga taqlid qiladilar. Tog’lar ham aslida o’z irodalarini onalarga qarab chamalaydilar. Daryo-yu dengizlar mehr-muhabbatda onalarga teng kelish-kelmasligi haqida bahs yuritadilar.

Tabiat onalar bilan hisoblashadi, onalar bilan maslahatlashadi, onalar bilan birga qadam tashlaydi. O’atto tabiat ham onaizorga ozor bergisi kelmaydi. Tabiat mehr ko’rsatishda, mehribon bo’lishda onalardan ibrat oladi. Shu bois uni ona-tabiat deymiz.

Dunyoda qancha millat bo’lsa uning shuncha onasi bor. Har bir millat farzandi o’z onasini yakhshi ko’rmasligi, qadrlamasligi va hurmat qilmasligi aslo mumkin emas. Ona Afrikada ham, Amerika va Hindistonda ham, Osiyo, Evropa va Antarktidada ham ona. Ona ulug’ va bebaho zot sifatida har joyda, har mamlakat va millatda beqiyos darajada ezozlanadi. Rang-ro’yidan, urf-odatidan, turmush-tarzidan qatiy nazar ona ulug’ zotligicha qoladi. Jumladan, biz, o’zbeklarda ham. Onamiz, onajonimiz, porlab turgan quyoshimiz, to’lin oyimiz, charaqlab turgan yulduzimiz. U bizning — jonajonimiz…

Dunyo khalqlari ichida onalarni sevish, qadrlash va ulug’lash borasida o’zbeklar hamisha eng oldingi saflarda borayotgani, boshqa millatlarga o’rnak bo’layotgani kishiga fahr va iftihor bag’ishlaydi. Bu ajoyib va bebaho fazilatimiz bilan har qancha g’ururlansak, fakhrlansak arziydi. Bizday onani boshiga ko’taradigan va onaday ulug’ zotning hurmatini joyiga qo’yadigan millat kam topilsa kerak, ehtimol biz kabi onaparast halqlar barmoq bilan sanarlidir…

Mustaqillik davri nafaqat Vatanga, insonga bo’lgan munosabatlarni balki birinchi galda onaga, onajonlarimizga bo’lgan mehr-muhabbatimizni, samimiy munosabatimizni, batamom o’zgartirib yubordi. Mustaqillik tufayli o’zbek onalari yuksak qadr topdi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Onalar jamiyatning ijtimoiy kuchiga aylandi. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov iborasi bilan aytganda: “Onalarning obro’-etiborini jiddiy ravishda oshirish, ularning mehnatini, jismoniy sog’lom, manaviy boy hamda akhloqan pok yosh avlodni tarbiyalashdagi hizmatini munosib baholashimiz kerak. Ona to’g’risida, uning farzandi to’g’risida g’amho’rlik qilish davlatimizning muqaddas burchidir.”

Mamlakatimizning mustaqillik maydonidagi “Mustaqillik va ezgulik” monumentida quyoshday porlab turgan “Bakhtiyor ona” haykali yuqorida aytilgan hayotiy fikrlarning amaldagi yorqin namunasidir.

Onalar bahtiyor yurt — kelajagi buyuk yurt.
Onalar bahtiyor yurt — tinchlik barqaror yurt.
Onalar bahtiyor yurt — farzandlari hech kimdan kam emas yurt.
Onalar bahtiyor yurt — mangu ozod va obod yurt…

Bizda katta bayramlar, yirik tantanalar “Bakhtiyor ona” haykali poyiga guldastalar qo’yish, onani ziyorat qilish bilan boshlanadi. Bu ziyoratda hikmat bor… Go’yo onaning pok duosi bor…

Millatning ulug’ligi — onaning ulug’ligi bilan belgilanadi. Onaga bo’lgan ehtirom — millatga bo’lgan ehtiromdir. Millat komilligi — ona komilligi bilan o’lchanadi.

O’zbek onasi hamisha mehnatkashligi, mehnatsevarligi va zahmatkashligi bilan boshqa millat onalariga ibrat bo’lib kelayotir. O’zbek onasi mehnat oldida tiz cho’kmaydi, aksincha mehnat ustidan hamisha Qolib keladi. Mehnat undan chekinadi. Ona har qanday mehnat va yumushni ezgulikka aylantiradi. Mehnatga sahovat bag’ishlaydi. Onaning harakatida barakat bor, sahovat bor.

O’zbek onasi pazandalikda ham, hunarmandlikda ham boshqalarni lol qoldiradi. U yopgan nonlardan ona mehri kelib turadi. U pishirgan taomlardagi lazzatni hech qaerdan topolmaysiz.

Onalarimizni, onajonlarimizni tariflab, ulug’lab va ularni madh etib yozilgan asarlarni, chop etilgan kitoblarni yigsak, ulkan tog’ bo’lishi tabiiy. Lekin bu asarlarning birortasida ham ijodkorlar hali onaga aniq va lo’nda tarif berolmagan. O’ali onaning mukammal siymosini aks ettirgan badiiy asarning yaratilmagani ham haqiqat. shunday bo’lsada ijodkorlarimiz onalarni madh etishdan, ularni tariflab-tavsiflashdan bir lahza to’htaganlari yo’q. Irmoqlar daryolarga, daryolar dengizlarga mudom quyilib turgani kabi onalar haqidagi asarlar ham adabiyot ummonini muntazam boyitib borayotir.

Ushbu kitob onalarga bag’ishlab yozilgan sherlar ummonidan bir tomchi holos. Shu bois kitob dunyodagi eng yangroq, dilrabo qo’shiqday tuyuladi. Kitobdan o’rin olgan sherlarga va ularning mazmun-mundarijasiga ham to’htalmadik. Hatto «Ona», «Onajon» so’zlari bilan bezangan sherlar sarlavhalarini ham asl holicha qoldirdik. Bu o’quvchi medasiga tegmaydi. Sherlarga baho berishdan ham o’zimizni tiydik. Chunki har bir ijodkor o’z onasi haqida qanday yozgan bo’lsa, shundayligicha chop etishni lozim topdik. Sherlarga baho berish siz-aziz kitobhonlar hukmiga havola.
Yana bir gap; kitobdan barcha ijodkorlarning ona haqidagi sherlarini to’la g’amrab olishning imkoni bo’lmadi. Keyingi nashrlarda bu kemtikni to’ldirib boramiz. Umid qilamizki, bu ezgu ishda sizlar ham bizga yordam berasiz. Kitobni o’qib chiqgach, siz ham o’z onajoningiz haqida sher yozib yuborsangiz ajab emas. Agar ona haqidagi sher yuragingizda paydo bo’lgan bo’lsa, qo’lingizga darhol qalam oling. Va faqat to’g’risini yozing. Ona — muqaddas mavzulardan biri. Onalar haqida engil-elpi va yolg’on yozib bo’lmaydi. Onalar quruq va sokhta maqtovlarga hech qachon muhtoj emas. Shunda ona oldidagi mingdan bir qarzingizni uzishga harakat qilgan bo’lasiz.

Ona aslida o’z ulug’lik ko’lamining keng chegarasizligi, mehr olamining beqiyosligi va hadsizligi bilan sayyoraga o’hshaydi.

Ona koinot misol insoniy fazilatlari, tinchlik, ezgulik, bag’rikenglik, mehr-muhabbat ramzi sifatida odamzotni doimo bag’riga mehr bilan bosib turadi.

Ona er sharini balo-qazolardan, yomonlik va yovuzliklardan asrovchi buyuk jasorat timsolidir.

Ona buyuk sayyora… har birimiz ana shu sayyoraga mudom talpinamiz va hamisha uning atrofida parvonamiz. Ona sayyorasidan najot kutib yashaymiz.

Mangu bor bo’l, mangu boqiy bo’l, najotkorimiz — Ona sayyorasi!

Onalarning oyog’i ostidadir
Ravzai jannatu jinon bog’i.
Ravza bog’i visolin istar esang
Bo’l onaning oyog’in tufrog’i.

Onajon noming dilimda. sherlar

Onajon, noming dilimda, jism aro tanho o’sha,
Shafqating bitmas xazina, menga ming tillo o’sha,
Har nafas mehring bulog’i toshsa bir dunyo o’sha,
Ko’z ochib ko’rdim o’zingni, menga bir dunyo o’sha,

Onajon, kabam o’zing,sensiz jahonni na qilay,
Tanda mehring yonmasa behuda jonni na qilay!
Tark etib oromu sabring, menga baxt berding mudom,
Ham jigarporam deya, chekdnng alamlar subhu shom,

Toza qalbing bo’ldi qancha — qancha qayg’ularga jom,
Sendan o’rgandim buyuk imlo bila shirin kalom,
Onajon, kabam o’zing sensnz jahoni na qilay,
Etmasa nomingni yod o’tkir zabonni na qilay!

EMASMAN BAG’RITOSh

Bir zamon ko’rdim ko’zingda qatra yosh,
Eshin ermas, balki ming qiymatli tosh,
Sochlaring uzra qaro tup ko’chdimu,
Orazin aksin yashirganmu quyosh.
Dona yoshlardan yuzing ham yondimu,
Endi-yu, bo’ldy qaro ko’z birla qosh.
Rashk o’tida oftobim yondimu,
— Deb, egildi shunda armon birla bosh.
Ko’z yoshing rashk otashidan gar nishon,
Bo’lsa ham Yahyo emasdir bag’ritosh.

* * *

Boshni fido ayla ato qoshig’a,
Jismni qil sadqa ano boshig’a.
Tun, kuningga aylagali nurposh
Birisin oy ayla, birisin quyosh.

Mirtemir
SEN ONA…

Alisherga alla aytib ukhlatgan
Sen — ona.
Og’ushida Bobur kamolga etgan
Sen — ona.
Torobiyni og’ir jangga jo’natgan
Sen — ona.
Olamni nurida munavvar etgan
Sen — ona.
Yig’lasa, dunyoni raso titratgan
Sen — ona.
Kulgisi saodat parvarish etgan
Sen — ona.
Daholar beshigin bedor tebratgan
Sen — ona.
Mehri bahorida elni yashnatgan
Sen — ona.
Yagona o’g’lingni jo’natding jangga,
Bo’l bardam, ona!
Onaday oshiq yo’q ona Vatanga,
Muhtaram ona…

ShUHRAT
O, ONA…

Zulfiyaga

Ko’z ochib olamga kelgandan beri
Nelarni ko’rmadi bu boshim mening.
Ozmi-ko’p tanidim hayotning sirin,
Qirqqa ham etibdi bu yoshim mening.

Yildan-yil orttirdim talay do’stu yor,
Hurmatlab dedilar, «do’stim», «o’rtog’im»,
Ulg’aydim: ko’ksimga bosh qo’yib dildor,
U dedi: «Bakhtimsan, suyangan tog’im!..»

O, ona, hech biri emasdur shirin
«Bolam!» deb bir og’iz aytgan so’zingdan!
O, ona mehringda quyosh yashirin,
Ne ajab gul unsa har bir izingda!

TO’RTLIK

Dunyoda eng yahshi, mehribon ona,
Bu mening onamdir, biling, yoronlar!
Ey, o’g’il-qizlarim, bo’ling parvona
Onamda qolmasin dardu armonlar!

To’ra SULAYMON
TAVALLO

Bu yil 94 yoshni qoralayotgan onam — Mukarrama usta Nurmat polvon qizlarining sharofati bilan bitilgan mashqim

Nelardandir ko’ngil bo’lib g’ash,
Ham egilib bu egilmas bosh,
Ko’zlarimda qalqib tursa yosh,
Bu holimga berolmay bardosh
Mushtipar bir Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.

Qaytar bo’lsam quruq qo’l ovdan,
Qora qozon qolsa qaynovdan,
Ham ayrilib o’lja, ulovdan,
Qarzga botar bo’lsam birovdan
Taskin berib Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.

Birda haqdin, birda nohaqdin,
Jabr ko’rsam bir betavfiqdin.
Ortda tursam qalbi quroqdin,
Qadrim xarob bo’lsa tuproqdin.
Ohlar urib Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.

Og’a-ini o’rtasida gap…
Alhol, kelib chiqmish ikhtilof:
Biri izzat, biri mulk talab.
— Bu oq sutim, mehrimga xilof, —
Deya sho’rlik Onam yig’laydir ,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.

Sinalmoqning gali kelganda,
Nohaq mag’lub bo’lsam maydonda,
Nomim qolmas bo’lsa jahonda,
Kim do’st-dushman bilinar onda
Ahvolimga Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.

Hanim bir yon, men bir yon bo’lsam,
U ustivor, men uryon bo’lsam,
Bu ham kamday nogiron bo’lsam —
Yog’och otga yonma-yon bo’lsam
Oy tutilib, Onam yig’laydir ,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.

Bo’lsam gumroh, bo’lsa gunohim,
Vujudimga solmasdin vahm,
Qabul ayla tavallo-ohim,
Darig’ tutmay mehring, ilohim,
Yig’latmagil mushfiq Onamni,
Volidai Muhtaramamni

Husniddin SHARIPOV
ONA NAVOSI

Kechalar uzundir, kechalar uzoq,
Goh ko’zim ilinmas tong qadar, bolam.
Ko’ngil mavjlariga solganda quloq,
Xayolga ne kelib, ne ketar, bolam.

Farzanddir onaning umriga gultoj,
Dardiga malham-u, baxtiga yo’ldosh,
Hech kimni etmasin hech kimga muhtoj,
Minnat yosh joningni og’ritar, bolam.

Mayli, o’ltirmagin tun-kun boshimda,
Etar paydo bo’lsang tez-tez qoshimda,
Balki rizqing bordir bir kaft oshimda,
Gap-so’zni aylasam muxtasar, bolam.

Goh borsam uyingga o’zimdan ortib,
Yayrar nabiralar sakrashib, yo’rtib,
Ko’tarsam, qo’limdan olmagin tortib,
Menga ham yarashar g’unchalar, bolam.

Aziz umring bo’lib shohona bir bayt,
Qo’shiqlar ichingdan toshib ketgan payt
Arzingni menga ham tushuntirib ayt,
Qolmayin dardingdan bekhabar, bolam.

O’z inin vatan deb sevarkan turna,
Sen ham har zarrasin ko’zga et surma.
Ichmagin, chekmagin, bemahal yurma,
Bo’lsin bosgan izing bekhatar, bolam.

Xayr-xo’sh qilarmiz bir kunmas-bir kun,
Tonglarim husnini to’sganda ham tun,
Baxtingni ko’rsam bas — mamnunman, mamnun,
Sen borki, bizlar ham mo’tabar, bolam.

Abdulla ORIPOV
O’ZBEK ONASI

Mushtipar ham o’zing, buyuk ham o’zing,
Kuyinchak ham o’zing, kuyuk ham o’zing.
Olamga tatirlik suyuk ham o’zing,
Payt keldi aytmoqqa, gapning khonasi,
Ey, O’zbek onasi, O’zbek onasi.

Seni To’maris deb, maqtaganim bor,
Sen Temur beshigin tebratgan bedor,
Sensan Bibixonim, Nodirai zor,
Payti keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O’zbek onasi, O’zbek onasi.

Vatanni Ona deb bekor aytilmas,
Ona buyurganda yo’ldan qaytilmas,
Sen o’zing Kabamsan, Baytul muqaddas,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O’zbek onasi, O’zbek onasi.

Boshingdan nimalar o’tmadi axir,
Vatandek taqdiring bo’ldi goh taxkir,
Bobur shoh bo’lsada, qoshingda faqir,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O’zbek onasi, O’zbek onasi.

Gohida balqiding Barchindek to’lib,
G’o’zadek quriding Tursunoy bo’lib,
Timsoling yalovda yulduzdek kulib,
Payt keldi aytmoqqa, gapning khonasi,
Ey, O’zbek onasi, O’zbek onasi.

Farzanding quvonsa — sen ham quvonding,
Faqat bolam deding, yashading, yonding,
Nokasi uchrasa, o’rtanding, tonding,
Payt kedi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O’zbek onasi, O’zbek onasi.

Kelajak toychog’u toyingizdadir,
Jannat ham, albatta, poyingizdadir,
Vatan-ku Siz turgan joyingizdadir,
Payt keldi, aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O’zbek onasi, O’zbek onasi.

Sizga tazim qilib turibman bu payt,
Sizga baxshidadir eng shohona bayt,
Aziz elu yurtga duolaring ayt,
Payt keldi aytmoqqa, gapning xonasi,
Ey, O’zbek onasi, O’zbek onasi.

Omon MATJON
ONA DEGAN SO’Z

Yulduzlardan sirqilib shabnam,
Ufq bilan ko’rishganda er,
Oftobga kiprigim bilan
Ona so’zni yozdim go’yo sher.

Amu oqar misoli bulut,
Ufq bo’lib oqadi Amu,
Qirg’og’ini etsa ham unut,
Maysalarni unutmaydi u!

Har ko’kat, har bargning nomiga
U eltadi tog’lardan tazim,
Ona degan so’zning yoniga
Chizgim keldi MAYSAning rasmin.

Kapalak rang, bulbullar ohang
Kashfi bilan mast bo’lgan lahza,
Ona so’zin qavatiga man
Yozib qo’ydim BAHOR deb asta…

Men jo etdim Ona nomiga
Erni so’nggi gardigacha to.
Endi Ona so’zi yoniga
Dadil yozib qo’yaman: DUNYo!

Men yulduz deb uni kuylayman,
U Vatandir,
U Arshi alo.
Men unga ming tashbeh o’ylayman,
Etkazurman millionga hatto…

Erda, lekin ming-minglab odam
Ona nomin bilsa muqaddas.
Urush degan birgina so’zdan
Onalarni saqlay olur bas!

Rauf PARPI
ONAMGA XAT

Eshitdim, onajon, khafa emishsan,
Kechir, oylab senga yozolmadim xat.
Garchi muhabbatdan tilardim ehson,
Yorug’ kunlarimga bo’lgandim ilhaq.

Yuzimga nafasing urilar iliq,
Ajib yorug’likka to’lmoqda xona.
Suratim qoshida duolar qilib
Tag’in yig’ladingmi, mushtipar ona?

O’sha gap, sevganim shu aziz Vatan,
Bu qadar tashvishlar yutmagil, bag’rim,
O’ksuk otam kabi hali ham zotan,
Qalqinib-qalqinib turibdi shahrim.

Bilaman… sirni boy berishlik yomon,
O’g’lingga bu yo’lda bardoshlar tila.
Bazan topganimni ichib qo’yaman
Sirni boy bermasdan ulfatlar ila.

Biroq eh, bilmayman, go’yoki zimdan,
Kimdir taqib etar meni beomon.
Qandaydir bir kimsa balki haqimda
Khunuk latifalar to’qiydi, yolg’on…

Ona, kuylanmagan bir kuy istayman
Va lekin aldog’chi hislar olur jon.
Ehtimol, qalamni bekor qistayman,
Netayin, rostini aytgil, onajon.

Yashil darakhtzorni echintirar kuz,
Poyimda bahorning alvido uni.
Beparvo yoshlikni ilg’amaydi ko’z,
Qaylardan axtaray, onajon, uni.

Bilurman… yo’limda g’ichirlar toshlar,
Zafaron kuz yanglig’ khayolim taqir.
Shaharning g’avg’oli tinchini tashlab,
Uzoq vaqt yoningga bormadim akhir.

Eshitdim, onajon, khafa emishsan,
Kechir, oylab senga yozolmadim khat.
Garchi muhabbatdan tilardim ehson,
Yorug’ kunlarimga bo’lgandim ilhaq.

Baxtsizlikka o’xshab ketar bu holim,
Sensiz baxtsizlikka o’xshaydi qismat,
Sensiz yorishmasdi mening xayolim,
Dunyoning laqabi bo’lurdi Hasrat.

Maruf JALIL
SENI KO’RGIM KELAR, ONAJON

Shodlikdan osmonga etganda boshim
Bir joyga to’plansa do’stu qarindoshim.

Yo boshimga tushsa biror musibat,
Yoki birov aytsa otamga rahmat.

Uchrab qolsa yo’lda tanish ayollar,
Dildan tilga ko’chsa masum xayollar.

Desa: «Ko’rinishda mag’rur bo’lsa ham,
Yo’q edi onangday mushtipar odam».

Seni ko’rgim kelar, onajon.

Yor bilan bog’ kezsam oydin kechalar,
Ko’nglimda tug’ilsa yangi rejalar.

Sirli kuylab oqsa jig’alar pastda,
Baxtimga yulduzlar boqsa havasda —

Shabboda silasa gulning yuzini,
Tinglamoq istayman aytgan so’zini.

«Bolamning bo’yini ko’ray deb bir dam»,
Ehtimol gul bo’lib chiqqansan erdan.

Shu sabab sog’inch-la bokaman gulga.
Armon faryod qilar o’ksigan dilda,

Seni ko’z oldimga keltirolmay, goh!
Eslolmay yuragim o’rtanar nogoh.

Qanday baxtiyordir onasi borlar,
Ular etimlarday chekmas ozorlar.

O’zing ketding menga berib umringni
Sog’inib asrayman dilda mehringni.

Seni ko’rgim kelar doim, onajon.

Oydin HOJIEVA
ONAJONIM

Onajonim, ko’zlaringizda
Kunning nafaslari bor edi,
Onajonim, yuzlaringizga
Oyning havaslari bor edi.
Onajonim, siz bilan jahon
Behigulday iforli edi.
Tunlar oydin, kunlar shodmon,
Shabadalar dutorli edi.
Tushlarimga kirib chiqasiz
Sochlarimni o’rib chiqasiz.
Farishtaday boshim uzra goh
Oromimni ko’rib chiqasiz.
Talpinaman, quchsaydim qani?
Sog’inchlardan qochsaydim qani?
Ko’z yoshlarim gulga aylansa,
Poyingizga sochsaydim qani?
Onajonim! Jonajonim!

Xurshid DAVRON
UCh ShER

* * *

Bitta ko’z bor bu dunyoda –
Sehrli, oddiy.
Bitta so’z bor bu dunyoda –
Nurli, abadiy…
Men u ko’zga etaman ammo,
Men u so’zni aytaman ammo
Bu dunyoda bitta qabr bor,
U meni kutadi umidvor.

So’roqlaydi meni ellardan,
So’roqlaydi meni yo’llardan…
Bu dunyoda bitta qabr bor,
U meni kutadi umidvor.
Poyida jim cho’kkalab olib,
Ko’zlarimga yig’ilgan dardni
Uning zafar maysalariga
Sochib, sochib, sochib yig’lasam…

* * *

Onam qarib qolgan. Tushida
So’zlashadi u otam bilan.
Ko’zlaridan oqqan yoshida
Men otamning aksin ko’raman.

Onam qarib qolgan. Qo’rqaman,
Bazan azob bo’g’zimni qisar.
Ko’zim yumsam uni ko’raman,
SHundan yoshga to’ladi ko’zlar.

Khat yozmayman. Bazan sim qoqib
Hol-ahvolin so’rayman… Ammo
Yarim tunlar uyg’onib goho
O’y suraman shiftga jim boqib.

Dalalarda qo’narkan shudring,
Tongni qarshi olaman titrab,
«Ona, — deyman, — mani kechirgin»,
«Ona», — deyman labim pirpirab.

ShOIRNING ONASI

Ona kelib olis qishloqdan
O’g’li bilan yashay boshladi
Va dasturxon yozilgan choqda
Shirmoy nonning chetin tishladi.

Yuvib berdi bir bozor kirni,
Suvlar quydi so’lgan gullarga.
Nevaralar bog’chadan qaytgach,
Ertak aytib berdi ularga.

Avaylardi khonadon tinchin,
Suygan o’g’li uyning burchida,
Qog’oz uzra egilgancha jim
SHer yozgan payt tutun ichida.

Qadam bosib khavotir bilan,
Qo’rqar edi nafas olishga.
Tunlar khurrak tortmay deya u
Bosh qo’yardi tongda bolishga.

Ammo bir kun mazasi qochib,
Ko’z oldida yorug’lik so’ndi.
Qo’llaridan tushib ketdi-yu,
Chil-chil bo’lib piyola sindi.

O’sha zahot hushiga qaytdi,
Chayqalardi o’ngida olam.
U yugurib chiqqan o’g’liga
Shivirladi: «Ketaymi, bolam?»

Farog’at KAMOL
ONAMGA

1

Yulduzlar yig’labdi tun bo’yi, ona,
SHabnam yaproqlarda javdirab turar.
Sog’inch ini aytib tongga jimgina
Olis ufqlarga bosh urar yo’llar.
Yo’llarning boshida mayus turibdi
Uzoq bolalikning masum sevinchi.
Eh, yo’llardan kelib qiynaydi meni
Alamdiyda yillar, yillar Sog’inchi.

2

Qaydadir olisda fig’on chekar nay,
Masofalar juda uzun tuyular.
Shamollar daydiydi o’zligin bilmay,
Ko’zlarimda munis bir siymo turar.
Qurshar xotiralar quyuni sekin,
Qaerga boshlaydi, axir, qaerga?
Uzoqlashib ketar mendan bu quyun,
Asta yiqiladi tanish qabrga.

3

Sassiz uriladi vaqt shamollari,
Ko’zlarimga sokin tunlar quyilar.
Chorlaydi horg’in bir umid singari
Olis ufqlarga tutashgan yo’llar.
Va chorlar ufqda meni bir Sog’inch,
Entikib boraman intiq chorlovdan.
Sog’inchim siz, ona, Sog’inchim bilan
Olis ufqlarda uchrashamiz ham…

Azam O’KTAM
ONAMGA

Yig’iga o’xshagan tabassum bilan
Yana qoshingizga qaytmoqdadirman.
Bu erda hech kimsa parvo qilmagan,
Dil rozimni sizga aytmoqdadirman.
Men osmondan erga tushib qolganman,
Do’stlar xiyonati boshimni egib.
Muhabbat, visoldan bezib qolgandim,
Hatto bakhtiyorlik jonimga tegib.
Shersiz — bedard kunlar bisyor bunchalar,
Shodumon kunlarim ortiq ko’paydi.
Ilhom meni sernoz malikalardek
«Fuqaro, fuqaro, fu, qaro!» deydi.
Qadahga egilgan boshni ko’tarsam,
Yuragim hirqirab so’z aytdi og’ir:
«Shoirmas so’zni ming kuylarga solgan,
Sherni deb ming kuyga tushganlar shoir!»
Asablar qaqshaydi dunyoga boqsam —
Hanuz to’qnash kelar etimlar, tullar.
Urush o’chog’ining nafsi yomondir —
Unga o’tin bo’lar bolalar, gullar!..
Biz qutlug’ manzilga etmog’imiz shart,
Kurash intihosi — saodat zotan.
O’zni fido etmak ham axir bir baxt,
Biz vatanga kerak, bizlarga vatan!
Yasholmasang butun hayoting bekor —
Bir qalbda ishq bo’lib, saodat bo’lib.
Moviy kelajakka bormaslik darkor,
Ezgulikdan mashum «qora xat» bo’lib.
Manzilim olisdir, menga yo’l tilang
Bobom Muqannaning ko’ylagidek oq.
To zaminda tinchlik barqaror bo’lsin,
Dunyoning iqboli yanada porloq!

Zebo MIRZO
ONAMGA

Oq sochlari oppoq tun uning,
Umri halol ishqqa bayroqdir.
Oh, yuzlari dunyoi dunning
Go’zalidan chiroyliroqdir.
(Bo’lolmadim hassasichalik),
Otam dardin ko’targan mohim,
Ushoqqina onam ko’ngliga
Bir hovuch nur bergil, ilohim!
O’zi potrab chiqqan chashmaday
Yoningizdan oqdim-u, ketdim.
O’zgalarga daryo tutdim-u,
Oh, onam-a, sizni unutdim.
Qaldirg’ochlar mendan yaxshiroq,
Baxt to’kadi hur quchog’iga.
Men ham uning tirnog’iman-u,
Arzimayman, lek tirnog’iga!
Ismaloqlar bo’yini tarab,
Bahor shoshsa yurgan joyiga,
Rabbim, meni gul qilib yarat,
Hech bo’lmasa, uning poyiga!..

Behzod FAZLIDDIN
ONAM YoZOLMAGAN ShER

Sochlarimda oq gullar,
Kel, ularni ter, bolam.
Yo’lingga mushtog’ yo’llar,
Bolam bo’lib ber, bolam.

Ko’ksimga oy berkitdim,
Yulduzlarga choy tutdim,
Otangdan ham ko’p kutdim,
Baxtim bo’lib ber, bolam.

Titragan sozingni qo’y,
Bo’g’iq ovozingni qo’y,
Qalam-qog’ozingni qo’y,
O’g’lim bo’lib ber, bolam.

Yo’l uchun tuqqanmidim,
Gul uchun tuqqanmidim,
Pul uchun tuqqanmidim,
Borim bo’lib ber, bolam.

Qaldirg’och singling behol,
Qanotidan xatni ol.
Ishing ko’pdir, ehtimol,
Kelmay qo’yaver, bolam…

 

Haqqimizda

Яна маълумот

O’z vaqtida to’shagni almashtirmaganlarga OGOHLANTIRISh: Siz bu kasalliklarni yuqtirishingiz mumkin

To’shaklar chang, kir bo’lsa, o’lik teri hujayralari, ter, soch va boshqa mayda zarralarni to’playdi. To’shagingizni har …