Home / Iqtisodiyot / Biznes reja – namunasi, tayorlash

Biznes reja – namunasi, tayorlash

Malumki, tadbirkorlik faoliyati yuritishning muhim omillaridan biri biznes ishini rejalashtirishdir. Puxta va pishiq tuzilgan biznes-reja nafaqat kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi, balki biznesning barqarorligini kafolatlaydi.

Biznes-rejaning uch vazifasi

Biznes-reja o’z mohiyatiga ko’ra, uch muhim vazifani bajaradi. Birinchidan, korxona, firma va kompaniyaning, shu bilan birga, jamoa azolarining asosiy maqsad va vazifalarini belgilab beradi. Ikkinchidan, hisob-kitoblar, sarf va xarajatlar, biznesni tashkil qilish va yuritishning asosiy yo’nalishlari belgilangan g’oya yoki birlamchi loyihaning amaliy harakat dasturi shakliga keltirilgan hujjat. Uchinchidan, biznes-reja moliyalashtirish, kredit resurslaridan foydalanish, shuningdek, sarmoyador sheriklarni hamkorlikka jalb etish.

Strategik modellashtirish

Asoslantirilgan, maqsadli biznes-reja tuzish muayyan vaqt va mablag’ talab qiladi. Chunki ushbu jarayon bir nechta bosqichlarni o’z ichiga olib, moliyaviy hisob-kitob faoliyatini, bundan tashqari, iqtisodiy, sosiologik tahlillar, marketing va strategik modellashtirish kabi boshqa harakatlarni ham talab qiladi. Shu tufayli biznes-reja tuzish uchun ixtisoslashgan konsalting kompaniyalari yoki mustaqil konsultantlarga murojaat qilish lozim.

Reja tuzish khizmati narkhlari

Buyurtma asosida biznes-reja tuzish loyihaning murakkablik darajasiga qarab 200 ming so’mdan bir necha million so’mgacha turishi mumkin. Takidlash kerakki, sizda tug’ilgan g’oyani hech kim sizchalik yaxshi bilmaydi. Shu sababli biznes-reja tuzish jarayonida o’zingiz bevosita ishtirok etishingiz maqsadga muvofiq bo’ladi.

Tajribali mutaxassislarning bildirgan fikriga ko’ra, biznes-reja qator savollarga javob berishi lozim.

Bular quyidagilar:

• biznes-reja boshlang’ich g’oya va loyihasining o’ziga xosligi nimada;

• unda ko’zda tutilgan mahsulot yoki xizmatga ehtiyoj sezgan va istemolchilar pul to’lashga tayyormi-yo’qmi;

• ishni boshlash uchun (boshlang’ich) va rivojlantirish uchun (istiqbolda) qancha mablag’ kerak bo’ladi;

• ushbu biznesning kengayishi va rivojlanish imkoniyatlari qanaqa;

• biznes jarayonida qanday obektiv va subektiv qiyinchiliklar tug’ilishi mumkin;

• ushbu qiyinchiliklarni engishning imkoniyalari qay darajada;

• bozordagi vaziyat: raqobatchilar, hamkorlar, sheriklar tasiri qay darajada;

• jamoa azolari, mutakhassislarni jalb qilish imkoniyati qanday?

Shuningdek, biznes-rejaga barcha daromad manbalari va xarajatlar, korxona qancha va qachon foyda keltira boshlashi kutilmoqda kabi hisob-kitoblarni o’z ichiga olgan bo’limlarni kiritish lozim.

Xo’sh, siz agar biznes-rejani o’zingiz tuzmoqchi bo’lsangiz – unda nimalar aks etishi lozimligi xususida to’xtalamiz.

Bosh sahifa, mundarija, hajm

Eng asosiysidan boshlang: kompaniyaning nomi, manzili, barcha tasischilarning telefon raqami va aloqa manzillari, shuningdek, butun hujjat bo’yicha mundarijani tuzib chiqing. Biznes-rejaning umumiyhajmi barcha ilovalar bilan birga 30-40 betdan oshmasligi kerak.

Bozordagi imkoniyatlar

O’z mahsulot yoki xizmatingizni kimga sotishingiz va nima sababdan ushbu guruh siz uchun qiziqarli ekanligini tushuntirib bering. Bunda bir necha muhim savollarga javob berish kerak. Masalan: bozordagi talabning hajmi qanday, u qanchalik tez o’smoqda, o’sish imkoniyatlari va qanday bo’lajak xavflar mavjud, siz ularni qanday bartaraf qilmoqchisiz?

Biznes-model

Bu bo’lim barcha daromad manbalarini (mahsulot yoki xizmatni sotish) va kompaniya xarajatlari tarkibini (ish haqi fondi, ijara, ekspluatasion xarajatlar) batafsil tavsiflab berishi kerak. Barcha daromad va xarajatlarni ko’rsatganingizga amin bo’ling. Bundan tashqari, asosiy etkazib beruvchi va xaridorlarni ham ko’rsating. Haqiqatda, bu bo’lim bo’lajak firmaning ishlab chiqarish rejasi hisoblanadi.

Moliyaviy ko’rsatkichlar va prognozlar

Agarda korkhonangiz ishlayotgan bo’lsa, yillik foyda va zararlar, balans hisoboti va pul mablag’larining harakatlari haqida bir yillik hisobotni, shuningdek, ilk sarmoyalar qancha tez o’zini oqlashi ko’rsatilgan tahlilni ham ilova qiling.

Mablag’lar manbai va ulardan foydalanish

Agar siz sarmoyadorlardan mablag’ olishni rejalashtirayotgan bo’lsangiz, ular albatta, mablag’lardan qanday foydalanishni rejalashtirayotganligingizni bilishni istashadi. Bu bo’limda ishni yo’lga qo’yish uchun ketadigan xarajatlar: ofis va ish xonalari, yangi uskuna sotib olish, kompaniya logotipi dizayni va hokazolarni ko’rsatish lozim. Ko’pchilik tadbirkorlar yangi biznesni boshlash qiymatiga etarlicha baho berishmaydi. Shu sababli sarmoyadorlarga murojaat qilishdan ilgari bularning barini hisoblab chiqing.

Ilovalar

Biznes-reja faqat korxona asoslarini tasvirlab beradi, xolos. Shu sababli biznes-reja oxirida barcha kerakli hujjatlarni ilova qilish zarur. Bularga rezyumelar, kreditni to’lashga qodirlik haqida malumotlar, ish samarasini oshirib borish rejasi, mahsulot va khizmatlar bozorining batafsil tahlili, xo’jalik va boshqa shartnomalar nusxalari, shu jumladan, ijara haqida, bo’lajak mijozlardan kafolat khatlari, patent va tovar belgisining ro’yxatdan o’tganligi haqida guvohnoma, xamkorlik kelishuvlari, firmaning ro’yxatdan o’tganligi haqidagi guvohnoma kiradi.

Biznes-rejada nimalar bo’lmasligi kerak?

– mavjud mahsulot va xizmatlar tavsifi.

– aslida jamoaga kirmaydigan “boshqaruv jamoasi azolari”.

– “raqobat yo’q”, “o’khshashi yo’q mahsulot (xizmat)”, “ulkan bozor”, “amalga oshirish oson” kabi iboralar.

– g’oyangizni har qanday holatda va bahoda sotib olish mumkinligi haqida rejalar.

– asoschilar, boshqaruv kengashi azolari haqida soxta tarjimai hol va malumotlar.

– moliyalashtirishga vada berilgan yoki muhokama qilinmoqda kabi iboralar.

– faqat yillar bo’yicha ko’rsatilgan moliyaviy prognozlar.

– bozorning etarlicha chuqur bo’lmagan taxminiy tahlili.

– chamalab hisoblangan operasion xarajatlar.

– cheksiz darajada yuqoriga qarab ketgan foydalar haqidagi rejalar.

– ishonchliligi etarli tekshirilmagan hamkorlar.

Haqqimizda