Home / Siyosat / Avvalgilarga o’xshamas shov-shuv, sanksiyalarning boshlanishi va konstitusiyadan bexabar soliqchilar

Avvalgilarga o’xshamas shov-shuv, sanksiyalarning boshlanishi va konstitusiyadan bexabar soliqchilar

Internetda tarqalgan video: Masalaning huquqiy jihatlari bilan nega hech kim qiziqmayapti? Ikki sobiq vazir ishdan olindi: bu korrupsiya bilan bog’liqmi? Bank sirlari endi davlat ixtiyorida: Soliqchilar yangi konstitusiyani oyoqosti qilayotganini o’zlari biladimi? Yakunlanayotgan haftaning asosiy mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Video Player

Yangi davrda O’zbekistonda hech qaysi lavozim egalari hokimlarchalik ko’p va doimiy ravishda medianing etibor markazida turmagan bo’lsa kerak. Ular bu borada hatto shou-biznes vakillarini ham ortda qoldirdi deyish mumkin. Lekin bu safar ko’tarilgan shov-shuvni avvalgilari bilan umuman taqqoslab bo’lmaydi.

Chorshanba kuni internetda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovga o’xshash odamning intim videosi tarqaldi. Avvaliga ayrimlar bu hokimni badnom qilish uchun montaj qilingan video bo’lishi mumkinligini aytdi, lekin hech bir rasmiy idora “bu video soxta” deb chiqqani yo’q. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ham video haqiqiy yoki haqiqiy emasligiga munosabat bildirmadi. Rasmiy bayonotlarda “feyk”, “montaj” yoki “soxta” degan so’zlar ishlatilmadi.

Oradan ikki kun o’tar-o’tmas, Andijonni roppa-rosa 10 yildan beri boshqarib kelayotgan Abdurahmonov ishdan olingani, uning o’rniga birinchi o’rinbosari Dilshodbek Karimov vaqtincha hokim bo’lgani haqida xabarlar tarqaldi. Bir necha soat o’tib, bu malumot rad etildi. Lekin bu xabar nafaqat Telegram’dagi turli-tuman norasmiy manbalar, balki Prezident administrasiyasiga yaqinligi aytiladigan kanallar va hatto rasmiy manbalarda ham chiqqaniga qaraganda, bu masala yuqori kabinetlarda haqiqatan ham muhokama qilingani, yakuniy qaror esa kimlardir kutgandek bo’lmaganini taxmin qilish mumkin.

Juma va shanba kunlari Shuhrat Abdurahmonovning matbuot xizmati u viloyatning qator hududlarida bo’lib, yangi loyihalar bilan tanishayotgani aks etgan suratlar va videolar elon qildi. Hokimlik internetda Abdurahmonovning shani va qadr-qimmatini kamsituvchi haqoratomuz postlar yozilayotgani bo’yicha prokuraturaga murojaat qilgan.

Bu holatda prokuratura nafaqat haqoratomuz postlar bo’yicha, balki videoning tarqalishi bo’yicha ham huquqiy choralar ko’rishi to’g’ri bo’lardi. Chunki aynan video tarqalgan kun – 12 apreldan boshlab shaxs tanasining yoki jinsiy azolarining yalang’och holdagi foto va videotasvirini uning roziligisiz tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilovchi qonun kuchga kirdi. To’g’ri, videoni tarqatganlarni topib jazolash uchun hokimning arizasi kerak bo’ladi, lekin bu erda boshqa gap ham bor.

“Davlat fuqarolik xizmati to’g’risida”gi qonunga ko’ra, davlat xizmatchilarining nafaqat xizmat paytidagi, balki xizmatdan tashqaridagi xulq-atvori ham odob-axloq qoidalariga mos bo’lishi kerak. Odob-axloq qoidalarini buzish qonunga muvofiq intizomiy va boshqa javobgarlikka tortish uchun asos bo’ladi. Yani huquqiy jihatdan olganda, Andijon viloyati hokimi odob-axloq qoidalarini buzgan-buzmagani bo’yicha surishtiruv o’tkazilishi kerak.

Albatta, qonundagi bu normaning hozirgi holatda ishlatilishi amrimahol. Chunki jamoatchilik kadrlar siyosatida huquqiy meyorlar emas, shaxsning nomenklaturaga loyalligi asosiy mezon ekaniga ko’p marta guvoh bo’ldi. So’nggi misollardan biri – Surxondaryo sobiq hokimi To’ra Bobolovning prokurorga aytgan gaplari tergovga aralashish, mansab vakolatidan chetga chiqish deb baholanishi mumkin bo’lgan sharoitda bunga ko’z yumilgan edi. U oxir-oqibat lavozimidan ayrilgan bo’lsa ham, bir oy o’tar-o’tmas hech qaerda elon qilinmagan holda Savdo-sanoat palatasining birinchi o’rinbosariga aylangandi.

Boshqa davlat xizmatchilari

Hafta davomida jamoatchilik etiboriga tushgan davlat xizmatchisi faqat Andijon hokimi emas. Toshkent viloyati markazi bo’lmish Nurafshon shahri hokimi Muzaffar Soliev ishdan olingan. Etiborlisi, o’tgan hafta ro’y bergan istefo haqida hech qaerda rasman elon qilinmagan. Kun.uz hokimning ishdan olinganidan xabar topgach, Toshkent viloyati hokimligi bu malumotni tasdiqladi.

Bizdagi malumotga ko’ra, sobiq hokim tergovga jalb etilgan bo’lishi mumkin. Bu – uy-joy kommunal xo’jalik vaziri lavozimida ishlab kelgan davri bilan bog’liqligi aytilyapti. Soliev vazir lavozimida 3,5 yil ishlagach, ikki yil oldin tanqidlar bilan ishdan olingandi.

Lavozimini yo’qotgan sobiq vazirlardan yana biri – Nozim Husanov. U yanvar oyigacha bandlik va mehnat munosabatlari vaziri edi. Mamuriy o’zgarishlardan keyin kambag’allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o’rinbosari bo’lgandi. Shu hafta malum bo’lishicha, u ishdan olingan. Oxirgi paytlarda Nozim Husanov boshqargan vazirlikdan kelayotgan xabarlar bu istefo uning uchun yaxshilikdan darak emasligini ko’rsatyapti.

Gap shundaki, yanvar oyida Bandlik vazirligining Migrasiya agentligi ustidan nazorat qiluvchi masul xodimi va agentlik direktori Afzal Ermatov qamoqqa olingandi. Manbalarga ko’ra, bu holatlar Janubiy Koreyaga ishga yuborishdagi korrupsion sxemaning fosh bo’lishi bilan bog’liq. Bundan tashqari, bir necha kun oldin shu vazirlikning Jizzax va Sirdaryo viloyatlari bosh boshqarmalari mansabdor shaxslari pora bilan qo’lga tushdi.

Pora bilan ushlangan yana bir davlat xizmatchisi – Andijon viloyati Izboskan tumani hokimining investisiya va savdo-sanoat bo’yicha o’rinbosari. Bu lavozimga 6 oy oldin tayinlangan mansabdor, E-auksiondagi savdolarni yopiq shaklda o’tkazgan holda, 8 sotix er olib berishni vada qilib, buning uchun 500 dollar so’ragan va bu pulni xizmat xonasida olayotgan vaqtida qo’lga olingan. Bundan kelib chiqadiki, “er ajratish to’liq elektron shaklga o’tkazilib, hokimliklarning bu jarayondagi ishtiroki cheklandi” degan gaplar rostligiga katta shubha bor. Yani elektron auksionlarni ko’zdan panada, yopiq shaklda o’tkazib yuborsa ham bo’laveradi.

Korrupsion jinoyatlar Qashqadaryoda ham kuzatildi. Bu erda ikki hokim yordamchisi hibsga olindi. Davlat xavfsizlik xizmatining malum qilishicha, Yakkabog’ tumani hokimining yordamchisi o’ziga tegishli ikkita kompaniyaga 1,7 mlrd so’mlik imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, bu pullarni “eb yuborgan”. Shahrisabz tumani hokimining yordamchisi esa auksionga chiqib ketgan 5 gektar erning 50 sotixini egasida qoldirish evaziga 500 dollar olgan.

Toshkentda esa Ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi atrofidagi mojaro davom etyapti. Avvalroq bu markazning bosh buxgalteri atigi 2 oy uchun naq 468 mln so’m maosh olgani malum bo’lgandi. Shu hafta ayon bo’lishicha, markaz bosh direktori Jamshid G’aniev ham mo’maygina oylik olib kelgan. Unga yanvar oyi uchun 51 mln so’m, fevral oyi uchun esa 85 mln so’m ish haqi hisoblangan. Bu – O’zbekistondagi o’rtacha oylikdan 18 barobarga ko’p. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi holat bo’yicha o’rganish ishlari ketayotganini malum qildi.

Davlat xizmatchilariga oid noxush xabarlar lentasida, afsuski, sudlar ham yo’q emas. Malum bo’lishicha, fuqarolik ishlari bo’yicha Uchtepa tumanlararo sudining raisi Mansur Imomov ishdan olingan. Manbalarimizga ko’ra, uning ishdan bo’shatilishi mazkur sud ayrim xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga bog’liq bo’lishi mumkin. Oliy sud esa Imomov Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzganini istefoga rasmiy sabab deb ko’rsatdi.

Oliy sud bergan boshqa bir xabarga ko’ra, Xorazmdagi pedofil-amaldorlar ustidan apellyasiya sudi Toshkentga ko’chirilgan. Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig’i va Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo’limining sobiq rahbari Toshkent shahar sudida boshqatdan sud qilinadi. Prosess qachon boshlanishi malum emas. Ayni paytda, ularga juda engil jazo tayinlagan Xorazmdagi sudyaga biror chora ko’rilgani haqida ham hech qanday malumot yo’q.

Bank sirlari – endi davlat ixtiyorida

Soliq qo’mitasi bir necha yillardan beri orzu qilib kelayotgan qonunsizlik ro’y berishiga sanoqli kunlar qoldi. 13 aprel kuni qo’mitada banklar va to’lov tashkilotlari vakillari bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Gap – jismoniy shaxslar o’rtasidagi pul o’tkazmalari haqida ketyapti.

1 maydan boshlab, soliq organlari kartadan kartaga pul o’tkazish amaliyotlarini to’liq kuzatib borish imkoniga ega bo’ladi. O’zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 25 milliondan ko’pligi inobatga olinsa, qo’mita juda katta malumotlar bazasiga ega bo’ladi. Bu esa millionlab odamlarning bank siriga oid huquqlari qo’pol va tizimli ravishda buzilishi boshlanadi degani.

“Bank siri to’g’risida”gi va “To’lov tizimlari to’g’risida”gi qonunlarga asosan, banklar va to’lov tashkilotlari o’z mijozlarining operasiyalari haqidagi malumotlarni sir saqlashi kerak. Faqatgina soliq solish masalalariga taalluqli holatlardagina ayrim malumotlar soliq organlariga berilishi mumkin. Vaholanki, jismoniy shaxslar o’rtasidagi pul o’tkazmalarida hech qanaqa soliq masalasi yo’q.

Soliqchilarning talabi nafaqat qonunlar, balki ko’pdan ko’p maqtalayotgan yangi konstitusiyaga ham zid. Aynan may oyidan kuchga kirishi kutilayotgan yangi tahrirdagi konstitusiyada “bank operasiyalarining sir tutilishi kafolatlanadi” deb yozilgan. Bu gapdan keyin “qonunda belgilangan holatlar bundan mustasno” degan joyi yo’q. Bundan tashqari, Konstitusiya oliy yuridik kuchga ega bo’lib, to’g’ridan to’g’ri amal qilishi yozib qo’yilyapti. Qolaversa, “har kim o’zi to’g’risida qonunga xilof yo’l bilan to’plangan malumotlarning yo’q qilinishini talab qilish huquqiga ega”, degan norma ham bosh qomusga kiritiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, soliq organlarining talabi yangi konstitusiyani u amalga kirib bo’lishi bilanoq obro’sizlantiradi. Referendum o’tgach, konstitusiyada bilvosita taqiqlangan amaliyot – soliqchilar odamlarning bank sirlarini yig’ishni boshlaydi. Yangi qomusning shaniga aytilayotgan maqtovlarga soya soladigan bu amaliyotni yo’lga qo’yishga qanday erishishdi, deyishingiz mumkin. “Xitrlik yo’llari bilan”. Pul o’tkazmalariga oid talab yanvar oyida imzolangan farmonga huquqiy ekspertizadan o’tkazilmasdan qo’shib yuborilgan. Ekspertizadan o’tkazilganida esa, bu talab yuqorida biz aytib o’tgan hujjatlarga zidligi ayon bo’lardi, ehtimol.

Soliq qo’mitasi jismoniy shaxslar o’rtasidagi pul o’tkazmalari soliqqa tortilmasligini vada qilayotgan bo’lsa ham, yangi tartib qonunlarga zidligi bo’yicha, malumotlar to’planishidan maqsad nimaligi bo’yicha izoh bermayapti.

Sanksiyalar O’zbekistondagi yirik kompaniyalarga ham etib kela boshladi

AQSh O’zbekistondagi eng yirik zavodlardan biri bo’lmish “Ohangaronsement”ga sanksiya kiritdi. Bu – milliarder Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarning kengaytirilishi bilan bog’liq. “Ohangaronsement” Usmonovning kompaniyalariga tegishli. Zavodning aksiyadori bo’lgan Akkerman Kement KA kompaniyasi, shuningdek, milliarderning asosiy aktivlari jamlangan USM holdingi tarkibidagi “Metalloinvest” va “Megafon” ham sanksiyalar ostida qoldi. Amerikaning qora ro’yxatidan, shuningdek, Alisher Usmonovning ikki singlisi va jiyani, jami 5 nafar O’zbekiston fuqarosi ham joy oldi.

Cheklov kiritilgan kompaniyalar orasidan Ukell aloqa operatorining 51 foiz ulushiga egalik qiluvchi xorij kompaniyasi – Digital Invest ham joy olgan. AQSh hukumati, shuningdek, O’zbekistonda ro’yxatdan o’tgan Alfa Beta Kreative va GFK Logistik Asia kompaniyalariga ham sanksiya qo’lladi. Ular taqiqlarni chetlab o’tgan holda Amerika tovarlarini Rossiya mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun sotib olishga uringanlikda ayblanyapti.

Sanksiya ro’yxatiga tushgan jismoniy shaxslar va kompaniyalarning AQShdagi aktivlari bloklanadi. Shuningdek, AQSh rezidentlariga ular bilan hamkorlik qilish taqiqlanadi. Asosiysi esa, SWIFT tizimidagi cheklovlar sabab, bu kompaniyalarning dollarda amaliyotlar qilish imkoniyati cheklanib qoladi. Bu, o’z navbatida, eksport va import operasiyalarini amalga oshirishni qiyinlashtirib yuboradi.

Bu hafta yana nimalar ro’y berdi?

Zo’ravonlikka qarshi uzoq kutilgan tarixiy qonun imzolandi. Qonun haqida o’tgan haftaligimizda to’liqroq malumot berib o’tgan edik. 12 apreldan kuchga kirgan qonun asosida turmush o’rtog’iga zo’rlik qilish, ayollarning ortidan ergashib taqib qilish, shilqimlik qilish kabi ko’p uchraydigan holatlar uchun javobgarlik kiritildi. Bundan tashqari, jinsiy jinoyatlar uchun jazo og’irlashtirildi, ayrim “lazeyka”lar yopildi.

Tashabbusli byudjetda g’olib chiqa olmagan, lekin 2 mingdan ortiq ovoz to’plagan barcha loyihalar uchun qo’shimcha mablag’ ajratiladigan bo’ldi. Natijada moliyalashtiriladigan tashabbuslar soni 1309 taga oshdi. Endilikda, prezident topshirig’iga asosan, ovoz yig’ishga majburlash holatlari majburiy mehnatga jalb qilish deb baholanadi.

Maktab, shifoxona kabi ijtimoiy obektlardagi isitish tizimlarini boshqarish tadbirkorlarga beriladi. Prezident qaroriga ko’ra, tadbirkorlar tender bilan yoki tendersiz tanlab olinadi va ularga, davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida, obektni isitish xarajatlarini kamida 20 foizga, elektr yo’qotishlarini 30 foizga kamaytirish majburiyati yuklanadi. Bu yo’nalishdagi ishlarni moliyalash uchun Jahon bankidan 143 mln dollar qarz olinyapti.

O’zbekistonda yo’l harakati xavfsizligi xizmatining “innovasion tizimlari” sharofati bilan, haydovchilar mashinasiga soxta raqam taqib, yuzlab marta qoidalarni buzib yurishi mumkin ekan. Qo’lga tushib qolmasa bo’ldi, uning qoidabuzarliklari bilan hech kimning ishi bo’lmaydi. Namanganda soxta raqamli Hundai Sonata oylar davomida bemalol yurib, 152 marta radarga tushgani shunday deyishimizga asos bo’ladi. Bu holatda avtomobil raqami bazada bo’lmagani uchun unga hech qanaqa jarima yozilmay kelgan. Bu holatlar ko’chada xizmat o’tayotgan YPX xodimi qoidabuzarni to’xtatganidan keyingina malum bo’lgan.

O’tgan hafta oxirida 15 sutkaga qamalgan AKTIVIST loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov apellyasiya shikoyatini qaytarib oldi. U nega bunday qarorga kelgani malum emas. Bloger o’z videolaridan birida bir qator brendlarning yogurt mahsulotlari tarkibida karmin moddasi borligi uchun ularni istemol qilmaslik kerak deyishi ortidan, “diniy adovat qo’zg’atuvchi material” tarqatishda ayblanib, mamuriy qamoqqa olingandi. Bir qator faollarga ko’ra, Hojiakbarga qo’yilgan ayblov – ko’pirtirilgan, unga navbatchi modda tirkalgan.

Haqqimizda