Home / Jamiyat / Kuz fasli haqida sherlar

Kuz fasli haqida sherlar

Kuz sheri

Sayrning ilinjida,
Bir kuni chiqdim boqqa.
Barglar gilamday bunda,
To’shalgan xammayoqqa.

Tut daraxti yoz bo’yi,
Yana qaytgan asliga.
Baxorda ipak qurti,
Tashna bo’lar bargiga.

Yozda men ko’rgan qushlar,
Janublarga ketibdi.
Kuz fasli demak do’stlar,
O’lkamni zabt etibdi.

Muallif. Abdulla Pulatov.

%d0%b0%d0%b1%d0%b4%d1%83%d0%bb%d0%bb%d0%b0-%d0%b0%d1%80%d0%b8%d0%bf%d0%be%d0%b2

UMMON BO’YIDAGI O’YLAR

Ummon sohilida kezaman bedor,
Tong qolib Tangrining mo’jizasiga.
Qulog’im tutaman takror va takror,
Hayotning abadiy, o’lmas sasiga.

 

Ezgu diydor uchun aytaman raxmat,
Mavjlarga qo’shilib ketadi so’zim.
Tutgan bir qo’limdan kuyovim Ahmad,
Bir qo’limdan esa Mavluda qizim.

Shukurlar deymanu ko’zim yoshlayman,
Jajji nabiralar mehriga qona.
Irim, deb ummonga tanga tashlayman,
Zora, qaytib kelsam sen tomon yana.

Mening ko’z o’ngimdan har lahza, har dam
Aslo ketgan emas yurtim jamoli.
Uzoq bu ummonda suzib yursam ham,
Yuzimga urildi go’yo shamoli.

Hamisha o’zingdan oldda bo’l, Inson,
Bu dunyo barchaga barobar, bilgil.
Tepangda turgan shu dumaloq osmon,
Sharqda ham mavjuddir, tasavvur qilgil.

Alloh dargohiga ruxsatin berib,
Taklif etilsaydi jami odamzod.
Boshqalar qatori ko’ksini kerib,
O’zbek ham yurardi mamnun hamda shod.

Xudo yaratmagan sarhadlar yasab,
Bandasi orttirgay o’ziga malol.
U yuksak bo’lmadi tog’larga o’xshab,
Keng ham bo’lolmadi ummonlar misol.

O’zga mavolarga keldim men nechun,
Begona joylarga mehrimni sochib.
Olis yo’llar bosdim sihatim uchun,
Balki g’avg’olardan nariga qochib.

Bir mantiq hayotda uchraydi biroq,
Qoshida milyonlar o’yga tolgaydir.
Yomonlik tilagan yashaydi uzoq,
Yaxshilik qilganlar nochor qolgaydir.

Qo’shnining mushugi erinmay aslo,
Bizning erto’lada ovlaydi sichqon.
Hozircha tush menga mansubdir, ammo,
U ham qo’lga tushgay, topsalar imkon.

Afsuslar chekaman Mahshargacha to,
Unutdim o’z arkim ko’ngurasini.
Nima deyarimni bilmasdan hatto
Chaldim birovlarning do’mbirasini.

Bugun hech kimsaga keltirmas sharaf
Yasama shuhratu soxta savlatlar.
Lekin iymon keltir tegrangga qarab,
Bordir buyuk zotlar, ulug’ davlatlar.

Janob Rasululloh aylab marhamat,
Chaqirmish ummatin bardosh, sabrga.
Dedilar, o’tganni qarg’amang minbad,
Tegmang ular yotgan go’rga — qabrga.

Meni — ku tiriklay mahv etdi bular,
Hatto bezdirdilar butkul olamdan.
Bunday qabohatdan tog’lar ham qular,
Dengizlar sho’r tortar bunday alamdan.

Qirg’iy uchib yursa hovling uzra gar,
Tovuqda qolarmi birorta jo’ja.
Yurtni taladilar necha- necha g’ar,
Necha qoracha- yu, necha bir xo’ja.

Menga ajablanib qarama, bolam,
Hamrohing bo’lolsin bardosh va toqat.
Men balki keksayib, charchagan odam,
Xolislik izlagan kuychiman faqat.

Topsam ezgulikni chulg’adi surur,
Barobar tuyuldi yozim va qishim.
Adolat qalbimga baxsh etdi huzur,
Boshqa yumush bilan yo’q zarra ishim.

Mudom hayolimda u qutlug’ ajdod,
Muborak taftlari quyoshlar qadar.
Magarkim, ularga ekanman avlod,
Nega yo’qolayin nomsiz va badar?

Zuryodim erursan o’zing, nabiram,
Olgin yulduzlarni qo’lingni cho’zib.
Axir qonim jo’shar taningda shu dam,
Nega sen ketmassan mendan ham o’zib.

Bir umr kurashdik orzular uchun,
Havoyi so’z aytib, o’rtama jonni.
Dunyo karvonining boshida bir kun
Ko’rsam etarlidir, O’zbekistonni.

AQSh. Atlantika. 01. 09. 2015

TOR ETIK

Hatto mayda-chuydaga
Qilolsin aqling bovar,
Hayotda yaxshi- yomon
Yurmas aslo barobar.

Gar etiging tor bo’lib,
Oyog’ingni qisganda,
Dunyoning kengligidan
Nima foyda, birodar.

AQSh. Xyuston. 02.09.2015

SAYYoHLAR

Kecha xitoy eding,
Bugun-chi yapon,
Ertaga hindusan
Va yoki seylon.
Kaftgirni qo’lga ol,
Qani, osh pishir,
Bir kun o’zbek bo’lib
Turgaysan, o’g’lon.

AQSh. Xyuston. 02.09.2015

QAYMOQ

Texasdek iqlimi
Qaynoq yo’q ekan,
Shundanmi, ayiq yo’q —
Maymoq yo’q ekan.
Jannatga o’xshaydi
Manzilim, lekin
Sigir ko’p ekanu
Qaymoq yo’q ekan.

AQSh. Xyuston. 02.09.2015

YoLG’IZLIK ( kuz fasli haqida sherlar)

Afsus, o’tib ketdi
Umr muvaqqat,
Dunyoda bir o’zing
Qolding sen faqat.

Demishlar, yolg’izning
Yori Xudodir,
Do’stdan muhabbat kut,
Dushmandan shafqat.

AQSh. Xyuston. 02.09.2015

KUZ TAShRIFI

Qaydadir samoda o’qilar bayot,
Qulog’im tutaman sirli ovozga.
Ko’rdim, o’n yil oldin o’tib ketgan zot
Keldi Tillashayxga — juma namozga.

Ayni kuz, bog’larning pishgan mevasi,
Chumoli safiga tashlayman razm.
Olma turshagining bordir egasi,
Qarri ajinalar qilurlar bazm.

Porlab ko’rinadi Qutbda yulduz,
Osmon ham qoramtir — rangi aslidir.
Sariq chakmon qiygan Xizr kabi kuz,
Chindan u donishmand ruhlar faslidir.

Afsus, bahorlarim o’tdilar ketib,
Terga botganicha qoldi saraton.
Buyuk tomoshaning so’nggini kutib,
Fasllar oralab kezdim sargardon.

Nimani izladim kunduzdir, tundir,
Barcha ko’rganlarim nahotki abas.
Shamolni g’orlarga qamash mumkindir,
Qayta olinmagay “puf” degan nafas.

Ibtido bor ekan bordir intiho,
Chigal hislaringga kuz bergay barham.
Balki o’n yil o’tar, yuz yildir, ammo
Juma namoziga kelurman men ham.

AQSh. Xyuston. 02.09.2015

HAYoT SINOVLARI

Menga kibr bilan tashlaysan nazar,
Sening ko’ngling butun, meniki yarim.
Roziydim, dardimni so’rasang agar,
Seni qandoq sevay, aytgin, jigarim.

Men ham aziz edim, inson farzandi,
Bir vaqtlar halqimning erka dilbandi.
Lekin qisqa bo’ldi taqdir pisandi,
Seni qandoq sevay, aytgin, jigarim.

Bilurman, etmassan nomim himoya,
Chunki o’zga erur qalbingda g’oya.
Tulporing solmasin ustimga soya,
Seni qandoq sevay, aytgin, jigarim.

Afsus, er yuzida oz emas bizlar,
Mahkum bechoralar, so’ligan yuzlar.
Eshigi tiq etsa qarar bu ko’zlar,
Seni qandoq sevay, aytgin, jigarim.

Xastalik engmoqda pinhonu oshkor,
Shukurkim, qaydadir haloskorlar bor.
Uyatdir, qolmasa nomus bilan or,
Seni qandoq sevay, aytgin, jigarim.

Ishongum, bizlarga rahm etur Alloh,
Hayotning bag’riga qayturmiz, valloh.
Begona bo’lsayding chekmas edim oh,
Seni qandoq sevay, aytgin, jigarim.

AQSh. Xyuston. 03.09.2015

MASULLAR

Erda taraqqiyot avjiga mindi,
Ega topilgaydir har qanday korga.
Avval bitta qassob etardi, endi
O’nta qassob bordir bitta qo’chqorga.

Ilgari zamonlar dovrug’i baland,
Bir baxshi yashardi ovulda g’olib.
Bugun katta-kichik ijod bilan band,
Kuylar, xalacho’pni qo’liga olib.

Qachondir kattakon mahalla-ko’yni,
Uddalab kelardi yolg’iz oqsoqol.
Hozir rota bo’lib boshqarar to’yni,
Basdir, yodda qolgan uch-to’rtta maqol.

Gaplarim kinoya, pichingdan yiroq,
Bu — yangi asrning mutoibasi.
Masullar yanada bo’lsalar ko’proq,
Shakllanib borar halq toifasi.

Go’daklar o’zini posbon deydi cho’ng,
O’yinchoq miltig’in otib tolmaydi.
Hamma qo’riqchiga aylangandan so’ng,
Qo’riqlanadigan narsa qolmaydi.

Xo’sh, undan keyin-chi? Yuz berar ne hol?
Yana majlis qilib, yo’riqlashadi.
Vazifa ko’rinib turibdi yaqqol:
Endi bir-birlarin qo’riqlashadi.

AQSh. Xyuston. 03.09.2015

UChINChI YO’L

— Qayoqqa yo’l olding?
— Borsa kelarga.
— Qayoqqa yo’l olding?
— Borsa kelmasga.
Uchinchi yo’l eltar lekin qaylarga?
O’zimni olaman bilmasga.

Zahiraga o’xshar uchinchi bu yo’l,
Har kimsa yurolmas, berilmas huquq.
Bu yo’ldan botirlar qatnaydi nuqul,
Xohlasa qaytadi, xohlamasa yo’q.

AQSh. Xyuston. 4.09.2015

IJOD SABOQLARI

Hayotni tizginda bo’lmaydi ushlab,
Zilzila, yong’inlar uchraydi bari.
Mushuk bolasini bo’ynidan tishlab,
Har xil kulfatlardan qochadi nari.

Yarim asr bo’lmish bu gapga mana,
Bilmayman, birovga nima derimni.
Lekin mushuk kabi izlab boshpana,
Ko’tarib chopaman men ham sherimni.

Nafaqaga chiqqan erinmas muxbir
Va yoki havaskor sinchi — talaba.
Jami bisotingni tekshirar bir-bir,
Qusur topa olsa — katta g’alaba.

Hech kimsa o’ylamas, satrlar aro
Ko’z yoshlar, alamlar oqib yotganin.
Birov xayoliga keltirmas aslo,
Armonlar qariga shoir botganin.

Asli jaholatdir bu holning siri,
O’zini hakam deb sanaydi har kim.
Oybolta ko’targan Luqmondir biri,
Biri nayza tutgan Suqrotdir, balkim.

Ular osmon qadar olis hayotdan,
Mano topolmaysan ko’ziga qarab.
Deydilar, hammasin bilamiz yoddan,
Sochini o’stirib yurgandir Mashrab.

Bu g’amsiz kaslarga hurmat noravo,
Lo’ttiboz misoli surgaylar davron.
Soqovin atarlar bulbuligo’yo,
Salla patak bo’lsa — qolma hech hayron.

Har banda o’zini axtargay har choq,
Cho’qinar — omadin kutib, hoynahoy.
Quduq qazganida sho’r chiqar biroq,
Yuvib ketaverar kulbasini soy.

Ezgu niyat bilan boshlasa bir ish,
Afsuski, g’ovlarga duch kelar doim.
Nahot, unga mudom hamrohdir tashvish,
Nahot, qadamida qiyomat qoim.

Shoir, maqtanasan o’zingcha nega,
Nodonlar ichida qilib iftixor.
Sheringga mushukday bo’lolgin ega,
Mashrabning, yaxshiyam, kuchukchasi bor.

AQSh. Xyuston. 5.09.2015

KUNDALIK HANGOMALAR

Bu ne kundir, atrofingga boqsang sekin,
U xam kerak, sen xam kerak, men xam kerak.
Barchamizni davrasiga to’plab, lekin
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

Bu ne kundir, bir-biriga kerak hamma,
Birovimiz tog’a bo’lsak, birov amma.
Bir choynakdan choy ichamiz, chaynab shamma,
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

Bu ne kundir, o’z aybini ochar birov,
Qo’ringanga g’azabini sochar birov.
It quvlagan soqov kabi qochar birov,
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

Bu ne kundir, qarz olganlar qaytarmaydi,
Sudxo’rga ham birorta vaj aytolmaydi.
Cho’ntagini urib ketar har xil daydi,
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

Bu ne kundir, tamagirlar kelsa g’olib,
Tevaraging o’rab olar, do’stlar qolib.
Haydab yurar so’ng oldiga molday solib,
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

Bu ne kundir, mezbon qochsa mehmonidan,
Nima qilsin? To’ymagan-ku o’z jonidan.
Pora degan gap chiqadi osh-nonidan,
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

Bu ne kundir, qorinni ham to’qlab olding,
Hatto, qo’ni-qo’shnilarni yo’qlab olding.
Uxlamasding, rosa to’yib uxlab olding,
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

Bu ne kundir, g’am-tashvishlar ortda qoldi,
Yuragingga umidlaring quvonch soldi.
Rahbar ukang salomingga alik oldi,
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

Bu ne kundir, osmonlaring bo’ldilar sof,
Ko’ksing go’yo Pomir tog’i yo Ko’hi Qof.
Xudoyimdan tushgan emish erga insof,
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

Bu ne kundir, xursandchilik qilgin, shoir,
Bamisoli Zuhrosini topgan Tohir.
Yaxshi gap xam tarqalibdi senga doir,
Bir o’tirib o’ylaydigan odam kerak.

AQSh. Texas. 6.09. 2015

XONAKI FIL

Yillarim o’tdilar,
O’rgandim qo’lga,
Aylandim siz ko’rgan
Xonaki filga.

Garchi xo’jayinim
Qiltiriq, oriq,
Jonimni sug’urib
Olmog’i aniq.

Firib tushmasaydi
Agar yoniga,
Uloqtirar edim
Hind ummoniga.

Qamchin va tayoqning
Zahrin bilmabsiz,
Dunyoga kelmabsiz,
Hali kelmabsiz.

AQSh. Xyuston. 4.09.2015

KOINOT

Ko’m-ko’k yaylov, ko’rinmaydi
Boshqa hech bir zot,
Yollarini silkitgancha
O’tlaydi bo’z ot.

Yaltir-yultir uchib o’tar
Kapalak bazan,
Sirli olam mana shuldir,
Shuldir koinot.

AQSh. Xyuston. 9.09.2015

ROSTGO’YLIK

Meni laqillatib,
Aytaverma so’z,
Mana bu otashdir,
Mana bu-chi, muz.
Qurbaqa emasdir
Malika aslo,
Yaxshini yaxshi de,
Yovuzni yovuz.

AQSh. Xyuston. 9.09.2015

TEXAS HANGOMALARIDAN

Texasga borganda ikki hamrohim,
Meni kuni bo’yi qildilar sarson.
Deyishar, bu joyni ko’ringiz tokim,
Mana bu zamindir, mana bu osmon.

Ajabo, kimningdir shlyapasi bor,
Kimlardir ishtonlik, to’nlik ekan-da.
Rost gap, soddalikdan qutulmoq dushvor,
Jo’nlik hamma joyda jo’nlik ekan — da.

AQSh. Xyuston. 9.09.2015

OROL

Bir quruqlik paydo bo’ldi,
Dengizda, ne hol?
Meniki deb elon qildi
Kimlardir darhol.

Oxir kelib qarashsalar,
Hech vaqo yo’qdir,
Shunchaki u suzib yurgan
Kit ekan, «orol».

AQSh. Xyuston. 9.09.2015

AGAR SENSIZ…

Quyosh chiqib charaqlaydi tengsiz bu olam,
Qushlar sayrar, esar tongning shamollari ham.
Bamisoli qayta boshdan tug’ilgay odam,
Agar sensiz o’tar bo’lsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.

Oy balqadi, billur ko’kni shulaga chayqab,
Ol shafaqni simiradi bulutlar chanqab.
Yulduzlar ham raqsga tushar, nenidir payqab,
Agar sensiz o’tar bo’lsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.

Bitta sen, deb bu dunyoda yurgan men o’zim,
Gardlaringni to’tiyolar aylagay ko’zim.
Isming aytsam, sadolarga to’ladi so’zim,
Agar sensiz o’tar bo’lsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.

Men oshiqman, mehr ko’rgaz, nazarga ilgil,
Sendan o’zga qiblam yo’qdir olamda, bilgil.
Azal kasbing rahmdilsan, rahmlar qilgil,
Agar sensiz o’tar bo’lsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.

Umid yorkim, faqat sensan oy va quyoshim,
Mahshargacha tik boqolmas, egilgan boshim.
Saqlan, jonim, to tutmasin ko’zdagi yoshim,
Agar sensiz o’tar bo’lsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.

Falaklarning salomiga chiqqin sen kulib,
Bahra olsin zamin, osmon shavqlarga to’lib.
Ostonangda turibman men, Abdullo bo’lib,
Agar sensiz o’tar bo’lsa, onlarim bekor,
Tandagi bu jonim bekor, shonlarim bekor.

AQSh. Xyuston. 8.09.2015

O’TAR DUNYo

O’zingni har lahza azobga shayla,
Shunchaki po’pisa emas mashaqqat.
Zulmning borligin etirof ayla,
G’oyat kulgilidir gina, kudurat.

Arslon panjasini urib turgan dam,
Axloqdan dars berib, qilaberma do’q.
Demakki, saviyang shuldir, ey odam,
Senga boshqa tarif topib bo’lmas, yo’q.

Men ham kuylagandim zamonni to’lib,
— Assalom! — deb turdim, otmasidan tong.
Bosqinchi haqqimni olsa ham yulib,
Tazim bajo aylab, chalaverdim bong.

Dunyoda eng baland, yiqilmas dorni,
Avval aldanganga qurmoq kerak, rost.
Bo’yniga oldimi magar iqrorni —
Mardona ish tutsin, botirlarga xos.

Ko’rdim, yo’l chetida turardi bir chol,
Yoshu tajribasi etgan anchaga.
Bajarar ishin u anglatdi darhol,
Topshiriq beraman, deydi, barchaga.

O’tmishin o’ziga rostlaydi Inson,
Chingizning zulmidan zarra qilmas or.
Ko’ziga ko’rinmas daryo-daryo qon,
Endi unga faqat shon-shuhrat darkor.

O’tib ketar ekan baribir dunyo,
Yomonning umri ham o’chgan nafasdir.
Men uning ismini bilmayman, ammo
Yaxshi odam bo’lgan, desalar basdir.

AQSh. Xyuston. 8.09.2015

ASR FOJEASI
(O’tmish esdaliklaridan)

Etmish to’rt yil umr ko’rdi mudhish bir tuzum,
Bunaqasi tarixlarda uchramagan hech.
Goh ishonib, goh ishonmay eslayman o’zim,
Gap poylardi fuqarosi ertadan to kech.

Pavlik degan bola buni bergandi boshlab,
Unga butun mamlakatda qo’yganlar haykal.
O’z otasin quloq, deya sotgan u boplab,
Shu tariqa, avjga mingan qatag’on jadal.

Shohlar o’tgan, Iroddan to Neronga qadar,
Tulporini senatiga saylagan biri.
Pavlikchilar hammasidan bo’ldilar battar,
Milyon-milyon begunohning yo’q hatto go’ri.

Bog’chadagi bolaga ham, kerak bo’lsa gar,
Gap tashishni o’rgatardi hushyor enaga.
Der edilar, bundan chiqar zo’r vatanparvar,
Insof so’zin, shart bo’lmasa, qo’llamoq nega?

Ishga solmish cherdakdagi kaptarlarni ham,
Mish-mishlarni tarqatardi, bog’lab patiga.
Dinlar abas, etiqodlar topgandi barham,
Darz ketgandi ulug’ xalqning sadoqatiga.

Arslon degan so’z aslida turar hurkitib,
Yovuzlikning asorati o’zidan yomon.
So’ngsiz taqib sho’rliklarni qo’ymish qo’rqitib,
Baxtlimiz! — deb, qiyqirardi tun-kun olomon.

Yillar o’tdi, bugun chindan o’zgarding, yurtim,
Zamin uzra farzandlaring fikri bor, poydor.
Bayrog’ingni ko’zga surtib, bosh egib turdim,
Jahon tuzgan mashvaratda sening o’rning bor.

Ko’rganlaring kechmish bo’lsin, endi, iloyo,
Yo’llaringni yorug’ qilsin o’zi, kahkashon.
Qo’lin ochib, pirlar seni aylagay duo:
Toptalmasin elning qadri aslo, hech qachon.

AQSh. Xyuston. 11.09.2015

BAShORAT

Rahmatli ustozlar,
Domlalarim, Siz,
Dorilfunundagi bilim tayanchi.
Qabringiz qoshida deyman cho’kib tiz:
Umringiz yakuni g’oyat ayanchli.

Bashorat qildingiz nimalarnidir,
Ularning hech biri topmadi isbot.
Boshga ko’tarardik Sizni baribir,
Chunki bilmas edik, qanaqa hayot.

Bizga uqdirdingiz, butkul er yuzi
Ketib borayotir noto’g’ri yo’ldan.
Tarixni yoritar Marksning so’zi,
Boshqalar baxtini boy bergan qo’ldan.

Bizga uqdirdingiz, etiqod, imon,
Ko’p borsa, chilimning tutuni, xolos.
Sira do’st bo’lmaydi qorni to’q inson,
Dunyoni yangilash bizlargadir xos.

Bizga uqdirdingiz, ummon ortida,
Bir tuzum yotibdi, tagidan chirib.
Oxir tong qoldingiz tarix oldida,
Aytgan gaplaringiz aksini ko’rib.

Nahot, o’yin edi inson taqdiri,
Nahot, o’tgan umr tavakkal yakkash.
Nahot, jaholatdir bu holning siri,
Qoldi bo’yningizda basharni aldash.

Rahmatli ustozlar,
Domlalarim, Siz,
Achchiq qismatingiz ibratdir biroq.
Uzr so’ramoqlik shart ekan so’zsiz,
Bashoratdan avval, foldan oldinroq.

AQSh. Xyuston. 12.09.2015

MASLAHAT
Shoir ukam Alisherga

Ishing sira yurishmaydi, Alisher Nazar,
Holbuki, sen yaxshi shoir, to’g’ri so’z inson.
Tashxisingni qo’yib beray, xohlasang agar,
Xushomadni bilmagaysan, bu — katta nuqson.

Lekin uni o’rgatuvchi yo’q biror maktab,
Bexabarsan oddiygina ishlardan, attang.
Birinchidan, ruxsat olmay ayta ko’rma gap,
Ikkinchidan, xo’jayining manaviy otang.

Tongda borib idoraga, yo’lini poyla,
Chunki o’zing ochmog’ing shart eshikni axir.
Yordamchisin aldab-suldab, bartaraf ayla,
Tazim qilib turaver so’ng, misoli faqir.

Ertasi kun etkaz unga ko’rgan tushingni:
Quyosh bilan chiqqanmishsiz ko’kka barobar.
Asta-sekin tutib olgin, ukam, o’zingni,
Endi sodiq xizmatchisan, hatto birodar.

Xodimlarni tekshirishar bazan atayin,
Sen haqingda gap boshlasa xo’jayin nogoh.
Sira- sira past tushmagin, degil, netayin
Sizga xizmat qilish uchun jo’natgan Alloh.

Qarabsan-ki, obro’ endi bormoqda oshib,
Noming atrof tevarakka tanildi ancha.
Kotiba ham ko’rganida qoladi shoshib,
Xo’jayinning odami, deb hayiqar barcha.

Uyingizga bozor qilib bordim, deb aytma,
Uyimizga o’tdim, degil, bozorcha qilib.
Kamtarlik ham ish beradi eng nozik paytda,
Shukur, deb qo’y, shlyapasin ilgakga ilib.

Hayot juda katta ummon, bilmaydi sarhad,
Shu jumladan, xushomadning yo’q uchi-keti.
Ushbu gapdan xo’jayining quvonar behad:
Siznikidek hurolmaydi qo’shnining iti!

Mana, oxir etib kelding ulug’ marraga,
Bosib o’tgan shonli yo’ling zafarga dalil.
Maqtovlarni oshirginu milyon karraga,
Boshqalarni yomonlashni boshlayver dadil.

Maslahatim kimlargadir yoqmas muqarrar,
Lekin yoz, deb qistayverar tajriba meni.
Xo’jayining nafaqaga ketsa ham agar,
Hech shubhasiz, qoldiradi o’rniga seni.

AQSh.Xyuston.15.09.2015

VATAN

Vatan qadrin belgilamas oltin yo olmos,
Uni birov sotolmas yo sotib ololmas.
Kunchiqarda Xudoyimning oliy maqomi
Kunbotarga borganingda pasayib qolmas.

AQSh. Xyuston. 16.09.2015

XALQ

Xalq gohida tolib erur, goh ustoz daho,
Bir qarasang, beshikdagi go’dakdir hatto.
Bobolaring bobosi ham unga avloddir,
Ibtidoni bilmaydi u, bilmas intiho.

AQSh. Xyuston. 16.09.2015

HAYoT

Necha oylar ortda qoldi, yo’q ko’zda xobim,
Yaratganning o’zi bilar chekkan azobim.
Tunlar shunday o’tib borar, kunduzi esa,
Malomatlar keltiradi yozgan kitobim.

AQSh. Xyuston. 16.09.2015

ShAYTON

Sen daryoga cho’milgani borganding, Inson,
Suvdan chiqsang, yo’qolibdi ko’ylak va ishton.
Libosingni izlab tag’in ovora bo’lma,
Allaqachon olib ketdi ularni Shayton.

AQSh.Xyuston. 16.09.2015

MANGU PANOH

Ozroqqina mehr bergil,
Bizlarga, Alloh,
Ozroqqina shafqat ham ber,
Qodir Xudoyim.
Er yuzini qoplab borar
Faqat ohu voh,
Hamma joyda bamisoli
Qiyomat qoyim.

Oshyoniga yaqin kelmas
Qushlar ham aslo,
Daraxtini chirmab olsa
Agarda ilon.
Uyasiga qadam bosmas
Bo’rilar hatto,
Agar sezsa shu atrofda
Borligin qopqon.

Inson axir Inson erur,
Yashirmoq nega,
Kun ko’rar u xonadonin
Holiga qarab.
Agar bir kun mushuk kabi
Qolsa beega,
Yurmas axir nola chekib,
Eshikni tirnab.

Farzandlardan buyurmasa
Fojeadir bu,
Ota endi o’z-o’ziga
Qilgay malomat.
Bir zamonlar qartayganda
Padarin, yohu,
G’orga eltib tashlaganlar,
Qandoq jaholat!

Qadrdonlar ajrab ketar,
Birdan, nogahon.
Ayri tushar balki mashum
Manfaat sabab.
Bunday chog’da odam kimga
Suyansin nolon,
Nahot, do’stlik ro’yo erur,
Kechirgin, yo Rab.

Qashqirlarning to’dasida
Qolsa birov gar,
Kim himoya qilar edi
Uni shu fursat.
Bir ojizga berishmasa
Madad muqarrar,
G’olibman deb bong urgaydir
Yovuzlik albat.

Ko’z tashlayman olis o’tmish
Qariga goho,
Tarix mudom botirlarning
Yonini olgan.
Engib chiqqan kurashlarda
Alpomish borho,
Prometey o’t-olovni
Saqlab qololgan.

Parvardigor, sen bandangni
Qilding himoyat,
Yana o’zing muruvvatlar
Aylagil ehson.
Odamzodga ezgulikni
Qaytib ber faqat,
Yolg’iz sening panohingda
Baxt topgay Inson.

AQSh. Texas. 18.09.2015

KIYIK OVI

Tongda ovchi saydga chiqdi,
Degancha, “Yo, Haq!”
Bir kiyikni taqib etdi
Qisgancha toqqa.
O’qi tegdi o’ljasining
Qulog’iga naq,
Ikkinchisi tekkan edi
Aynan tuyoqqa.

Ovchi rostdan tushgan edi
O’lja ketiga,
Erinmasdan qarab chiqdi
Yaqin-yiroqni.
Kiyik esa, ola qol, deb
Yo’lning chetiga,
Tashlab ketmish bir qulog’u
Bitta tuyoqni.

AQSh. Texas.18.09.2015

BALIQChILAR

Baliq ovlaydigan
Ulkan kema-yu,
Havaskor baliqchi
Turardi qator.
Bunday payt hammada
Yagona orzu,
Ishlari yurishib
Omad bo’lsa yor.

Vaqt o’tdi, nazar sol
Yana bu yoqqa,
Tomosha aylagil,
Bo’lib hangu mang.
Kemaning to’rlari
To’lmish chanoqqa,
Va lekin havaskor
Tutgandi nahang.

AQSh. Texas.18.09.2015

NODONLAR HAQIDA BALLADA

Qaydadir yuz bersa biror falokat,
Tushar tahlikaga jamiki hayvon.
Muxbir engamiz, deb jar solar albat,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

Amir qushbegining ketiga tepdi,
Shu zum Peterburgni olaman, debdi.
Shaksiz u —  bekorning beshtasin ebdi,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

Zilzila Toshkentning yarmini buzsa,
Kimdir o’sha kuni yozganmish qissa.
His et, fojeadan chiqargin hissa,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

Er yuzin zabt etgan ular chinakam,
Yo dovdir, yo lofchi yoki muttaham,
Chopib chiqaman der Everestga ham,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

Payt kelib, qasamlar ichadi hatto,
O’zining foydasin unutmas ammo.
Tinmaydi, do’zaxga tushkunicha to,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

Turfa forumlarda qatnashar bazan,
Uni yuborganmish go’yoki Vatan.
Tugatar, qo’liga tushsa ilmu fan,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

Xudoyim, hamisha holimizga boq,
Sening panohingda yashaylik uzoq.
Tamagir hukmiga topshirma biroq,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

Tarixda o’tgandir botirlar bisyor,
Necha sarkarda-yu shohlar purviqor.
Avliyo zotlarning nazari ham bor,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

Inson bolasiga hushyorlik odat,
Yurtiga kiritmas yovlarni minbad.
Toki, boshlanmasin qirg’in va ofat,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

Balki uning davri emasdir mangu,
Lekin yashab kelar tinch va beqayg’u.
Bir kun tupugiga toyib o’lar u,
Bundan faqatgina qo’rqmaydi nodon.

AQSh. Xyuston. 20.09.2015

MUAZZAMLIK

Ulug’ daryo bilan qo’ysang barobar,
Aytilmas, mana bu muazzam ariq.
Bahaybat fil tursa yonida agar,
Muazzam chumoli deyilmas, aniq.

Muazzam shoirdir Firdavsiy hamon,
“Shohnoma” olamda tengi yo’qdir, bas.
Qanchalik chiroyli bo’lmasin do’kon,
Kolizey singari muazzam emas.

Magar chiqib qolsa biror havaskor,
Muazzam daho, deb yozar xabarchi.
Yolg’onning nahotki jozibasi bor,
Choyxona palovga qo’yilmas jarchi.

O’zbek muhtoj emas o’trikka, ammo
Jahon minbarida o’qiy olur dars.
Kiming bor, deganda birovdan aslo
Buyuk insonlarni olmagaymiz qarz.

Xayol surish yaxshi bolaga o’xshab,
Orzu yarashadi keksa-yu yoshga.
O’zini muazzam deyish boshqa gap,
Muazzam bo’lmoqqa intilish boshqa.

AQSh. Xyuston. 21.09.2015

KOShKI
Yoshlarga

Sen yoshsan, ertangi kuningga boqay,
Daryo kech, sahro kez, dovonlar oshki.
Qarab yurar edim ortimga tokay,
Sening kamolingni ko’rsaydim, koshki.

Afsus, ravon emas bu mubham yo’llar,
Har bir qadamingda shunchalar toshki.
Toptab tashlangandir o’ng bilan so’llar,
Sening kamolingni ko’rsaydim, koshki.

Istedod oldida past tushar osmon,
Koinot o’z sirin aylagay foshki.
Yuksak parvozingga keltirgum imon,
Sening kamolingni ko’rsaydim, koshki.

Oldda kutib turar davrai sarvar,
Tafakkur to abad ko’z bilan qoshki.
Zora shoning chiqsa bobolar qadar,
Sening kamolingni ko’rsaydim, koshki.

Inson dastidadir g’ov ham,siylov ham,
Ahli diyonatga ul o’zi boshki.
Yaratgan qo’llasin har nafas, har dam,
Sening kamolingni ko’rsaydim, koshki.

AQSh. Xyuston. 21.09.2015

TOYChOQ VA O’G’LON

Toychog’ingni avaylagin,
Aziz yilqibon,
U tulporga aylanadi,
Vaqt o’tib hali.
Minglab odam oyog’iga
Qalqar begumon,
Maydonlarda kelbatini
Ko’rgan mahali.

Ota, sen ham duolar qil
O’g’loning uchun,
Bolang balki o’spirindir,
Balki juda yosh.
Ehtimol, u yurt so’raydi,
Ulg’ayib bir kun,
Valloh, sening o’zingga ham
Bo’lg’usidir bosh.

AQSh. Xyuston. 23.09.2015

KIYIK VA TOShBAQA

Tiriklikning sirlari ko’p,
Kuzatsang agar,
Toqat bilmas, bu dunyoga
Kelganda inson.
Beshikda ham tinch yotmaydi,
G’oyatda o’jar,
Kiyik kabi sakraydi so’ng,
Tolmas, chopag’on.

Yillar o’tib, oxirlaydi
Foniy bu dunyo,
Inson uchun jannatlardan
Aslo kam emas.
U dunyo gar chorlab qolsa,
Eshitmas go’yo,
Toshbaqadek imillaydi,
Borgisi kelmas.

AQSh. Xyuston. 23.09.2015

INSON ShARAFI

Eskirgan kovushni yoki jandani
Qayga tashlasang ham, nima farqi bor.
Tuproqqa jo bo’lgan marhum bandani
Marmartosh mahliyo etmog’i dushvor.

Yuksak sag’ana-yu bezaklar bari
Azador bir zotning himmati xolos.
Balxda qarovsizdir Beruniy qabri,
Bu ayni nodonlik jaholotga xos.

Zamin farzandidir, shubhasiz, Inson,
G’oyalar mevasi emasdir aslo.
G’animi choh qazsa unga har bir on,
Do’stlari boshiga ko’targay ammo.

Va lekin xolislik mudom omonat,
O’zini hakam der salla, besalla.
Bandasi Allohga yolvorar faqat,
Xudoga soldim, deb aytar baralla.

Nozim Rus erida joy topdi mangu,
Ammo satrlari had bilmay yashar.
Eng avval, dunyoning shoiridir u,
So’ngra kommunistdir, bilib qo’y, bashar.

Olamda daxlsiz bir mantiq mavjud,
Unga daf qilolmas vaqtu zamona.
Birovning xochi bor, birovda-chi but,
Lekin Yaratganga bari parvona.

Millat deganlari bir daraxtsimon,
Ildizi zaminning qariga etgan.
Kishilik boshiga tushgan har tufon,
Uning ham butog’in sindirib ketgan.

Insonga ikki his doimo hamdam,
Biri — Otamakon, birisi — Dunyo.
Bazan o’zi chiqqan tepani odam
Hisoblab yuradi olam, deb go’yo.

Garchi er yuzida ko’p erur jonzod,
Turlarin sanab ham bo’lmas, ehtimol.
Tarixni yaratar faqat Odamzod,
Tafakkur uyining memori misol.

Bu tuyg’u mening ham umrimda g’olib,
Yo’qolmas, suvga ot, tashla o’tlarga.
Vatan tuprog’idan bir siqim olib,
Keyin borajakman o’zga yurtlarga.

AQSh. Xyuston. 24.09.2015

MO’MIYo

Ajib hol yuz bergay,
Tiriklay turib,
Mo’miyo nusxamni yaratdirsam gar.
Amal kreslomda o’sha o’tirib,
Bir kun ish yuritsa, oqshomga qadar.

Arzago’y dod solib kelsa, baribir,
Mendan sado chiqmas, so’zlaydi o’zi.
Yordamchim tushunmas, anglamas, ne sir,
Chunki tik boqmagan hech qachon ko’zi.

Ehtimol, bekorchi quloqni izlab,
Oldingga bir olim kirgay shu kuni.
Uzun maruzasin o’qiydi bo’zlab,
Jimgina tinglaydi mo’miyo uni.

Kassir qiz kutishdan charchadi oxir,
Tirqishdan mo’ralar senga atayin.
So’ngra bosh chayqaydi: – Ishi ko’p og’ir,
Qorayib ketibdi sho’rlik xo’jayin.

– Tepadan so’rashdi! – deydi nogahon
Kotiba eshikdan boqqancha qiyo.
Mo’jiza yuz berar xonada shu on:
Jonlanib ketadi birdan mo’miyo.

AQSh. Xyuston. 27.09.2015

ShIKOYaTChI HANGOMASI

U mirshabxonaga qilar qo’ng’iroq:
– Jinoyat yuz berdi, chorasin ko’ring.
O’zim sanab chiqdim erta tongdanoq,
Bitta tovug’im yo’q, toptirib bering.

Ishlagan odamning ishi ko’p, mana
Tovuq masalasi ochiqdir hamon.
Hafta ham o’tmasdan, sim qoqar yana:
– Itim g’oyib bo’ldi, netay, mirshabjon.

U sherlar to’qirdi otarchi uchun,
– Talanting yo’q, – debdi yuziga birov.
– Oh, mening talantim yo’qoldi bugun!
O’sha idoraga sim qoqar darrov.

Kimlardir uni deb doim ovora,
U ham charchamasdi, bilmasdi tinim.
Bir kun o’zi keldi: – Tez ko’ring chora,
“Sening aqling yo’q”, deb aytdi xotinim.

Ko’rinmay ketdi u, nechuk ahvoli?
Mirshablar yo’qlashdi, o’ylarga tolib.
– Dunyodan o’tdilar, – dedi ayoli,
Qarang, endi o’zi qolmish yo’qolib.

AQSh. Xyuston. 27.09.2015

RANG-BARANGLIK

Zaminga barobar kulfati, baxti,
Majnuntol yonida zaqqum daraxti.

Cahrolar belibos, o’rmonlar bashang,
Delfinning hamrohi odamxo’r nahang.

Shodlik bir tomonda, bir tomonda g’am,
Ikki xil balodir suv bilan o’t ham.

Lekin qozonda suv, tagida cho’g’dir,
Birovi bo’lmasa taom ham yo’qdir.

Yaxshilar bor joyda yomon ham mavjud,
Bu – qadim bobolar qoldirgan o’git.

Men ham o’z fikrimni aytay yakunda:
Qaysiga mansubsan – hamma gap shunda!

AQSh.Xyuston. 27.09.2015

TENGLIK

Qachon boyvachchalar bu holni anglar:
Raqibi bo’lolmas ahvoli tanglar.
Arslon chiqmas sira sichqon oviga,
Unga yarashadi fil bilan janglar.

AQSh. Xyuston. 27.09.2015

YoR VA AG’YoR

– Sher kimga atalgan? – so’raysan takror,
Javobim mana bu, unutma zinhor:
– Qara, ro’parangda turibdi borliq,
U senga yor erur va yoki ag’yor.

AQSh. Xyuston. 27.09.2015

 

Haqqimizda

Яна маълумот

O’z vaqtida to’shagni almashtirmaganlarga OGOHLANTIRISh: Siz bu kasalliklarni yuqtirishingiz mumkin

To’shaklar chang, kir bo’lsa, o’lik teri hujayralari, ter, soch va boshqa mayda zarralarni to’playdi. To’shagingizni har …