Home / Jamiyat / Kelinlarni ota uyiga qishlab kelish uchun yuborishadi:

Kelinlarni ota uyiga qishlab kelish uchun yuborishadi:

KHDPning Zangiota tuman kengashi raisi O’zbekistonda “svet”siz yashayotgan mahalla yo’qligini aytdi. Biroq shu tumanda qariyb ikki oydan beri elektrsiz yashab kelayotgan o’nlab oilalar bor.

“Svet” o’chishi, zulmatda o’tirib televizor ko’rolmaslik besh yil oldingi tarix edi” – Senat raisi Tanzila Norboevaning bu gaplari o’tgan hafta ancha muhokamalarni keltirib chiqargandi.

Shu kunlarda esa internetda ayni o’sha yig’ilishda olingan yana bitta video tarqaldi. Unda Xalq demokratik partiyasi Zangiota tumani kengashi raisi Mohira Akromova Senat raisiga murojaat qilarkan, bugungi kunda “svet”siz yashayotgan hudud yo’qligini aytadi.

“Svet” hamma joyda bor. Hozir “svet”siz joyning o’zi yo’q. Hatto poytaxtda ham profilaktika sabab “svet” o’chib turadi. Lekin doimiy ravishda elektrsiz qolayotgan birorta mahalla yo’q O’zbekistonda.

Tanzila Kamolovna, men buni xalq vakili, partiya kengashi raisi va ayol sifatida aytaman. Blogerlar insonning mehnatini ozgina bo’lsa-da hurmat qilsin”, – deydi KHDP tuman kengashi raisi.

Aftidan, deputat ayol uzoq-uzoq qishloqlar emas, aynan o’zi saylangan tumandagi Bog’zor mahallasi ayollari qariyb ikki oydirki zulmatda yashayotganidan bexabar.

Kun.uz Toshkentning biqinida – Zangiota tumanidagi Bog’zor mahallasida yashovchi ayolning tahririyatga murojaatini taqdim etadi. Xulosa chiqarish esa har kimning o’ziga havola.

***

— Qishloqda yashaydigan ayollar qish kelishi bilan elektr energiyasi yo’qligidan qiynaladi. Qish deganda ko’z oldimizga chiroyli tabiat manzarasi, qor yaltirashi yoki yomg’ir tomchilashi emas, birinchi navbatda zimistonda o’tirgan farzandlarimiz keladi. Xuddi ularning kelajagi ham shu qorong’ilik kabi bo’lib ko’rinishi xavotir uyg’otadi odamda.

Toshkent viloyati Zangiota tumani Bog’zor mahallasida yashaymiz. Hali qish kelmay turib, ikki oydan beri elektrsiz o’tiribmiz. Undan avval gaz masalasi og’ir edi: gaz bosimi juda pastligidan kunlar sal sovishi bilan murakkab sharoitda qolardik. Hozir ham ob-havoga qarab shunaqa holat bo’ladi. Bu ham etmaganday “svet”siz yashash oilaviy munosabatlarda ham o’zining salbiy tasirini ko’rsatyapti…

Poytaxtning yonginasida yashaymiz, bir qadam narida shahar hududiga kiruvchi mahallalarda elektr bor. Ko’pchilik shahardan kelin tushirgan oilalar majburlikdan kelinlarini bolalari bilan ota uylarida “qishlab” kelish uchun yuboradi. Chunki yosh bolalar bilan bu sharoitda yashab bo’lmaydi. Uylarimiz sovuqligidan bolalar tinimsiz kasal bo’ladi. Yon qo’shnim hozir to’rt bolasi bilan onasinikiga ketdi – qo’lida chaqalog’i bor edi. Yana bir qo’shnim uch farzandi bilan bir necha haftadan beri otasinikida yashaydi.

Farzandlarimizning dars tayyorlashiga imkoniyat yo’q. Ko’pchilik ota-onalar kun bo’yi ishda bo’lishadi va bolalarimizga dars tayyorlatish, o’qishlarini nazorat qilish uchun kechki payt vaqt ajratishga to’g’ri keladi. Buni esa biz sham yorug’ida bajaryapmiz.

Hammamiz bitta xonada yashashga majburmiz, chunki xonalarni isitish katta muammo. Bolalarimiz uchun bemalol televizor ko’rish, kitob o’qish orzuga aylanyapti. Ona sifatida farzandlarimni cho’miltirishning ham imkonini qila olmayapman. Bir necha marta qizimni ho’l sochi bilan yotqizib, shamollatib qo’yib rosa qiynaldik. Muzlatkichlar ishlamaganidan bolalarda ovqatdan zaharlanish holatlariyam kuzatildi.

Suvimiz ham, ovqatimiz ham elektr bilan bog’liq, qish kunlarida gaz bosimi juda ham pasayib ketadi. O’zim ham azbaroyi qiynalib ketganimdan bolalarimni olib ota-onamnikida yashab turish fikriga boryapman. Qish tugaguncha bunaqa vaziyatga chidashni o’ylasam, yashashni istamay qolaman.

Bunaqa og’ir sharoitda yashashni boshidan o’tkazmagan odam tushunishi qiyin. Hattoki oilada janjallar ko’payishi kabi muammolar kelib chiqyapti. Ish profilaktika inspektorlarining aralashishigacha borib etadi bazida. Chunki ayollar, onalar bunday sharoitda yashashdan charchashgan.

Yonimizdagi mahalladan elektr tortib kelish mumkin, lekin buning uchun tegishli tashkilotlardan ruxsat olish, rasmiylashtirish uchun ko’p vaqt talab qilinadi. Shuning uchun hamma shunga chidashga, hali kelmagan qish tezroq tugashini kutishga majbur bo’lyapti.

Eski transformator ishdan chiqqan, elektr uzatish tizimi eskirgan. Mahalla ahli o’z yonimizdan transformator, simyog’och, simlarni sotib oldik. Tumanimizdagi “Hududiy elektr tarmoqlari” korxonasi xodimlari bilan shartnoma tuzib pul to’laganimizdan keyin simyog’och va simlarni kelib o’rnatishga yordam berishdi. Transformatorni mahallamizdagi erkaklar, yoshi katta insonlar boshchiligida o’zimiz o’rnatdik. Shundan keyin hujjatlashtirish ishlarida yordam so’rab tuman hokimiga bir necha marotaba murojaat qildik. Viloyat hokimligiga ham telefon orqali murojaat qilganimizda bizga amaliy yordam o’rniga qandaydir telefon nomerlar berishadi. O’sha nomerlarga qo’ng’iroq qilinsa, bu bilan biz emas, boshqa tashkilot shug’ullanadi deb yana boshqa joyga yo’naltirishadi.

Aholi tashabbusi bilan o’z hisobimizdan olingan transformator, simyog’och, simlar ham nomalum sabablarga ko’ra tarmoqqa ulab berilmayapti. Oylab svetsiz o’tirganimizdayam hol so’raydigan masul topilmadi.

Gulmira Toshniyozova yozib oldi.

Haqqimizda

Яна маълумот

O’z vaqtida to’shagni almashtirmaganlarga OGOHLANTIRISh: Siz bu kasalliklarni yuqtirishingiz mumkin

To’shaklar chang, kir bo’lsa, o’lik teri hujayralari, ter, soch va boshqa mayda zarralarni to’playdi. To’shagingizni har …