Home / Madaniyat / Bolalar uchun sherlar to’plami

Bolalar uchun sherlar to’plami

“Soyabon” (bolalar uchun sherlar.)

Ko’rdingmi, bola paqir,
Senga aytgandim, axir!

Soyabonni olgin deb,
Xaltamizga solgin deb,

Endi iviymiz andak,
Bo’lar ish bo’ldi, tentak.

Albatta, tinsa yomg’ir,
Uyga borib, baribir,

Oyimga uzr aytib,
Bunday qilmaymiz qaytib.

Tartibli bo’lsak doim,
Yuzga kirarlar oyim!…

“Sovun ko’piklaridan – havo shariga”(bolalar uchun sherlar.)

Sovun ko’piklari — uchar havoda,
Tezroq tarqaladi — essa shaboda.

Rangin aytmaysizmi, qamashar ko’zlar,
Uni tariflashga, ojizdir so’zlar.

Shoirona so’zlar, men uchun og’ir,
Endi to’rt bahorni ko’rdim men axir.

Shu sabab so’zlayman, oddiyroq tilda,
Ulg’aysam, hammani qoldiray yo’lda.

Havo shari bilan — samoga uchib,
Osmonga joylashib — bulutni quchib,

Bolalik chog’imda — uchgan ko’piklar,
Ulg’ayganim bilan meni tabriklar.

Selfiga tushaman — tarif aytaman,
Bolalik chog’imga — bir zum qaytaman!….

 “Sen bolasan uykuda”(bolalar uchun sherlar.)

Jajji Farhod otasiga qarabdi,
So’ng xo’rsinib, undan asta so’rabdi:

-«Har kun menga kechki payt ertak aytib,
Uxlatasiz, axir bu — qanday tartib?

Erta tongda ertak aytsa bo’lmasmi?,
Yo boshqa vaqt, ertak esga kelmasmi?».

Ota kulib, o’g’liga dedi shunday:
-«Erta tongda ertak aytaman qanday!?,

O’g’lim, tongda ertak aytish behuda,
Axir tongda, sen bo’lasan — uyquda!»…

“Yiglashar unsiz”(bolalar uchun sherlar)

Nabiram qiziq juda.
So’rab qolar gohida:

-«Kattalar bizga o’xshab,
Nega yig’lamas qaqshab?».

-«Kattalar kham bir odam,
Bazan yig’lar — ular ham.

Yig’lashar chetga o’tib,
Dardin ichiga yutib.

Ular yig’lashar — unsiz,
Sizlar ko’rmaysiz — esiz!»…

“Oshpaz”(bolalar uchun sherlar)

Norni bosib hayajon,
Dedi: — «Aya. ayajon,

Gurillatib olovni,
Damlab qo’ydim palovni.

Suzib qo’ydim tovoqqa,
O’tiringlar emoqqa!».

Qarasalar palovmas,
Ko’rganlar palov demas,

Qop-qora ko’moch edi,
Nor o’ziga «Qoch» dedi.

Boyaqish qochdi «Ura»,
Izza bo’lgandan ko’ra!…

“Ayyon bulgan sir”(bolalar uchun sher)

Tandir oldida,
Engcha turardi.
O’sha atrofda,
Qarg’a yurardi.

Cho’qiy boshladi,
Qarg’a engchani.
O’tirib uyda,
Kuzatdim buni.

Men hayron edim,
Bu harakatdan.
«Nima yer» dedim,
Qarg’a engchadan.

Qarg’a ketganda,
Tandirga bordim.
Engchada shunda,
Qatiqni ko’rdim.

Endi men uchun,
Ayon bo’ldi sir.
Qurut eydiku,
Qarg’alar axir!…

“Kamalak”(sher)

Eshitardim kamalak so’zin,
Ko’rmagandim «yaqinroq» o’zin.

Yomg’ir quydi bir kuni rosa,
Yog’a-yog’a tinganda esa,

Paydo bo’lib ko’kda kamalak,
Go’zallashdi ko’zimga falak.

Diqqat bilan bunday qarasam,
Etti xil rang unda mujassam.

Quyosh botdi. So’ndi kamalak,
Go’zalligin yo’qotdi falak.

Shunda borliq tiz cho’kib tunga,
Butun olam bo’ysundi unga.

Yakun yasab totli tuyg’uga,
Kamalak ham ketdi uyquga!…».

“Tanbal”(bolalar uchun sher)

Dars o’tar o’qituvchi,
Tinglamas faqat Yo’lchi.

Xayoli uchib yurar,
Har tomon ko’chib yurar.

Kelajakni o’ylamas,
Foydali gap so’ylamas.

Etmas vaqtning qadriga,
Qo’l siltaydi bariga.

Shu tarzda esa davom,
Tanbal bo’lib batamom,

Qizarmasmi uyatdan,
Ortda qolib hayotdan!…

“Laylak ila qurbaka”(bolalar uchun sher)

Ko’lning suvi juda sof,
Qamishga to’la atrof.

Ko’lda suzar laylaklar,
Ko’l ichra — qurbaqalar.

Laylaklardan bittasi,
Kichigimi, kattasi,

Hiyla yo’lini topdi,
Suvda har tomon chopdi.

Qurbaqani chaqirdi,
Eshitsin deb baqirdi:

Dedi: «Do’stim qurbaqa,
Suvdan chiqqin bu yoqqa.

Olib keldim o’yinchoq,
U bizga zo’r ovunchoq.

Suvdan chiqsang ikkimiz,
To’yib- to’yib o’ynaymiz.

So’zimga ishon faqat,
Gaplarim chin haqiqat!».

Bu gapga tushib laqqa,
Suvdan chiqdi qurbaqa.

Dedi: «Qani o’yinchoq,
Qani o’sha ovunchoq?».

-«Uni qo’ydim qirg’oqqa,
Qaragin o’sha yoqqa!».

-«Qiziqmisan, laylakjon,
Nega so’zlaysan yolg’on?

Hech narsa yo’q qirg’oqda!»
-«O’zing yaxshilab boq-da,

E-ha, qurbaqa, uzr,
Bo’ying pakana axir!

Tumshug’imga chiq o’rtoq,
Chiqib, qirg’oq tomon boq.

O’yinchoqni ko’rarsan,
Ishonch hosil qilarsan!».

Ishonib bu gapiga,
Chiqibdi tumshug’iga.

Umidvor o’yinchoqqa,
Qaradi u qirg’oqqa.

Dedi: «Aldabsan meni,
O’sha o’yinchoq qani?».

Bu gapdan laylak kuldi:
-«Ko’nglimdagi ish bo’ldi,

Tushib qolding tuzoqqa,
Borolmaysan uzoqqa.

Senda yo’q ortiq gapim,
Seni eyish maqsadim!».

Qurbaqa tez o’yladi,
«Reja» qilib, so’yladi:

«Bilasanmi, laylakvoy,
Endi holimizga voy!

Hov qirg’oqda ovchilar,
Bizni mo’ljalga olar!».

Jon shirinda laylakka,
Ko’tarildi falakka.

Qurbaqa shu zahoti,
O’zini suvga otdi.

Qurbaqa xursand bo’lib,
Dushmanidan qutulib,

Suzib, o’ynardi suvda,
Laylak esa havoda,

Bilgach uning hiylasin,
Bilmasdi ne qilishin.

Qurbaqa der: «Xo’sh, qalay,
Hiyla bo’ladi bunday!

Nega xafa bo’lasan,
Ekkaningni o’rasan.

Hiylangga qildim hiyla,
Toshingni ter, bor o’yna!».

Qurbaqa aytib shuni,
Suvga urdi o’zini.

Mo’ltirar laylak hayron,
Shu bilan ertak tamom!…

Bola va ertak (bolalar uchun sher)

Qor, izg’irin tashqari,
Guvillab yonar pechka.
Quyosh botib g’arb sari,
Vaqt borib qolgan kechga.

Cho’pchak aytar bolaga,
Kampir pechka oldida.
Bir payt bola ko’ziga,
Uyqu kelib qoldi-da,

Buvisi ko’tardi-da,
Ko’rpasiga o’radi.
Albatta u tushida,
Ertaklarni ko’radi.

Ertak yolg’on bo’lsa ham,
Berilib eshitarlar,
Bolalar ulg’aysa ham,
Uni qo’msab yasharlar!

«Adhamning ikkisi»… (bolalar uchun sher)

Maktabdan kelar Adham,
Erga egib boshini.
Ranjib, boshin qilib xam,
Chimirgandi qoshini.

Sababi bugun darsdan,
«Ikki» baho olgandi.
Sinfdoshlar ichida,
Xijolatda qolgandi.

Maqsad bo’lsa «Besh» baho,
Berilmasin o’yinga.
Bugungi ishni aslo,
Qo’ymasin hech keyinga.

Shunday qilsa albatta,
«Besh» bahoga erishar.
Aks holda ko’p marta,
Xijolatdan «kerishar»!…

Koptok va oyna… (bolalar uchun sher)

Bolakay koptok tepib,
O’yinga xo’p berildi.
Bir payt koptogi uchib,
Derazaga urildi.

Sinibdi chil-chil bo’lib,
Derazaning bir ko’zi.
Bolajon qattiq qo’rqib,
Oqarib ketdi yuzi.

Bunday ish uchun chindan,
Jazo berishar «boplab».
Bolakay cho’chib shundan,
Qoldi juftakni rostlab.

Har narsaga aslida,
Berib bo’lmas doim chap.
Shuning uchun bazida,
Bir kesing, etti o’lchab!…

Chuvalchang… (bolalar uchun sher)

Dedi kichkina Orif:
-«Men ilonni ushladim,
Tesha bilan bir urib,
To’rtga bo’lib tashladim».

Hamma uning gapidan,
Bo’lib qoldi hangu-mang.
O’sha ilon aslida,
Edi oddiy chuvalchang!…

Gapning mag’zi… (sher)

Karimjon kattalarni,
Gapiga bo’ldi hayron.
Gapning mag’zi bo’larmi,
Bu dunyoda hech qachon?

Oyisiga dedi u:
-«Gapning mag’zi bormikan?
O’zi qanday edi u,
Tami shunday zo’rmikan?».

Oyisi deydi kulib:
-«Tushunmaysan bu gapga,
O’zing olasan bilib,
Borganingda maktabga!»…

Men ham qo’rqaman… (bolalar uchun sher)

Ilondir mening ismim,
Ko’rinishim qahrli.
Vahima to’la jismim,
Men ko’pincha, zaharli.

Mendan qo’rqadi inson,
Bundan xursand bo’laman.
Men ham qo’rqaman, ishon,
Qo’rqqanimdan o’laman!…

Toshbaqa (bolalar uchun sher)

Meni toshbaqa derlar,
Bazilar tutib erlar.

Eyar ovqatim tekin,
Lekin yuraman sekin.

Doim ortda qolaman,
Chunki charchab tolaman.

Chidamliman sabrda,
Yashayman qir-adirda.

Kosam o’xshaydi toshga,
(Masalni oling esga.

Nishin urolmay chayon,
Qolgani sizga ayon)

Shilliqqurtdan o’zaman,
Suvda yaxshi suzaman.

Mendan o’rnak olmanglar,
«Kulgi» bo’lib qolmanglar.

Uxlamayman bahor, yoz,
Bor xislatim shu xolos!…

Quyoncha (bolalar uchun sher)

Jajjigina quyoncha,
Yugura olmas uncha.

Shunda ham u tirishib,
Yugurishga kirishib,

Dikir-dikir sakraydi,
Panjalari titraydi.

Hammadan o’zmoq bo’lar,
Baribir ortda qolar.

Lekin qorni ochganda,
Tanda darmon qochganda,

Eb olar sabzi, sholg’om,
Mayli, bo’lsa hamki hom.

Kech kirgan paytda quyosh,
Tog’ ortiga qo’yar bosh.

Shundan so’ng quyoncha ham,
Uyquni ko’rar «baham»!…

Chumchuq bolalari (bolalar uchun sher)

Pechkaning karnayiga,
Chumchuq uya quribdi.
Mo’ralasam ichiga,
Bolalari turibdi.

Yoqsak agar pechkani,
Ularning umri tugar.
Shunday qoldirmay buni,
O’ylay boshladim tadbir.

So’ng ularni avaylab,
Karnay ichidan oldim.
Xavfsizroq joyga qo’yib,
Tagiga xashak soldim.

Ularga ovqat berib,
Qaray olaman o’zim.
Birdan shularni o’ylab,
Yorishib ketdi yuzim!…

Burch (bolalar uchun sher)

Buvijonim uylari,
Suvog’i sal ko’chgandi.
Sal-pal oqlanganlari,
Tamomila o’chgandi.

Do’stim bilan ikkimiz,
Uyni suvab, oqladik.
Ayniqsa, suvoqni biz,
Juda-juda bopladik.

Bizning bajargan ishdan,
Buvim xursand edilar.
Ikkimizga mehrdan,
«Baraka top» dedilar.

Buvimning maqtovidan,
Ikkimiz sal qizardik.
Farzand burchin yurakdan,
Qoyil qilib bajardik.

To’rtko’z (bolalar uchun sher)

Mening to’rtko’z itim bor,
Aqlli u juda ham.
Daydib yurmaydi bekor,
Bunday itlar kamdan-kam.

Uychasining yonida,
Doim sergak turadi.
Notanishni ko’rganda,
Signal berib huradi.

«It yaqin do’st odamga»,
Aslo buni unutmang.
Ozor berib ularga,
Dilozor yo’lin tutmang!…

Qor (bolalar uchun sher)

Atrof qor, qish faslida,
Murod ag’anar qorda.
Yumshoq qorning ustida,
Dumalash juda zo’rda.

Lekin bahor kelganda,
Qorlar erib ketadi.
Bug’ bo’lib parlanganda,
Erga singib ketadi.

Bu tabiat qonuni,
Bunga nima ham dersiz.
Ko’rib quyosh nurini,
Erib ketadi esiz!…

Qulog’ing nega qora (bolalar uchun sher)

-«Ukajon menga qara,
Qulog’ing nega qora?
Ishonmasang agarda,
Oynaga kirib qara!».

-«Siz uxlab yotgan paytda,
Men ko’mir tashigandim.
Qulog’im qichishganda,
Yaxshilab, qashigandim.

Qo’limning qorasidan,
Quloqqa sal yuqibdi.
Demak mehnat qilibman,
Qoraysa, nima bo’pti?»…

Qish zavqi (bolalar uchun sher)

Tiniq suv shildir-shildir,
Muz tagidan oqqanda.
Chana uchgim keladir,
Qish fasli qor yoqqanda.

Qor ustidan chanalar,
G’iz-g’iz uchar o’q kabi.
Chunki o’ynab bolalar,
Qizib ketar cho’g’ kabi.

Bazan qor bo’ron o’ynab,
Quvlashib qor otamiz.
Qorqiz, qorbobo yasab,
Qish zavqini totamiz!…

Kutilmagan gap (bolalar uchun sher)

Xoliqvoyning ukasin,
Tomog’i og’rib qoldi.
Lekin uning oyisi,
Xoliqni koyib qoldi:

-«Hamma ayb ham o’zingda,
Ukanga muz bergansan.
Uni muz eyishida,
O’zing «bosh-qosh» bo’lgansan!».

Xoliq der:-«Bo’lsa kasal,
Axir aybi o’zida.
Tushuntirdim batafsil,
Baribir muz edi-da!».

Ukasi dedi shu choq,
-«Meni demang bilag’on,
Nega felingiz chatoq,
Hamma so’zingiz yolg’on!».

Kutilmagan bu gapdan,
Xoliq turardi qotib.
Axir oyni dafatan,
Etakda bo’lmas yopib!…

Uyg’otadi kim? (bolalar uchun sher)

Har kun xo’roz uyqudan,
Uyg’otadi qu-qu-lab.
Turgim kelmas o’rnimdan,
Ko’zlarimni uqalab.

So’ngra ko’zimni yumsam,
Uyqum kelmaydi sira.
Mayli, o’rnimdan tursam,
Bekor yotgandan ko’ra.

Shunday deya joyimdan,
Turib ketaman shartta.
Xo’rozni o’zin unda,
Uyg’otadi kim erta?…

“Bogcha bolalar uchun sherlar” “Bolalar uchun inglizcha sherlar” “Bolalarga bagishlangan sherlar”“Bolalar uchun ruscha sherlar” “Bolalar uchun kitob hakida sherlar” “Bahor hakida sherlar bolalar uchun” “Vatan hakida sherlar bolalar uchun” “Bolalar uchun sherlar”

Haqqimizda

Яна маълумот

scale_1200-1

Ko’ngil aynishi sabablari

KO’NGIL AYNISh VA ICh KETISh SABABLARI   Ovqat hazm qilish tizimingiz bezovta bo’lganda yoki sog’lig’ingizga zarar …