Home / Jamiyat / O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MEHNAT KODEKSI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING MEHNAT KODEKSI

mehnat-kodeks1-modda. Mehnatga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatlar
O’zbekiston Respublikasida mehnatga oid munosabatlar mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari, jamoa kelishuvlari, shuningdek jamoa shartnomalari va boshqa lokal normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.*
* Bundan buyon matnda «mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar» deb yuritiladi.
Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeks, O’zbekiston Respublikasi qonunlari va Oliy Majlis qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari va Jo’qorg’i Kenges qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Hukumatining hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Hukumatining qarorlari, davlat hokimiyatining boshqa vakillik va ijroiya organlari o’z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlardan iboratdir.
Mulkchilikning barcha shaklidagi korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda*, shuningdek ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt)** bo’yicha ishlayotgan jismoniy shaxslarning mehnatga oid munosabatlari mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
* Bundan buyon matnda «korxonalar» deb yuritiladi.
** Bundan buyon matnda «mehnat shartnomasi» deb yuritiladi.
2-modda. Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlarining vazifalari
Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari xodimlar, ish beruvchilar, davlat manfaatlarini etiborga olgan holda, mehnat bozorining samarali amal qilishini, haqqoniy va xavfsiz mehnat shart-sharoitlarini, xodimlarning mehnat huquqlari va sog’lig’i himoya qilinishini taminlaydi, mehnat unumdorligining o’sishiga, ish sifati yaxshilanishiga, shu asosda barcha aholining moddiy va madaniy turmush darajasi yuksalishiga ko’maklashadi.
3-modda. Mehnat kodeksining amal qilish doirasi
Mehnat kodeksi O’zbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi.
4-modda. Mehnatga oid munosabatlarni qonunlar orqali va shartnomalar asosida tartibga solishning o’zaro bog’liqligi
Xodimlar uchun mehnat huquqlarining va kafolatlarining eng past darajasi qonunlar bilan belgilab qo’yiladi.
Qonunlardagiga nisbatan qo’shimcha mehnat huquqlari va kafolatlari boshqa normativ hujjatlar, shu jumladan shartnoma yo’sinidagi hujjatlar (jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, boshqa lokal hujjatlar), shuningdek xodim va ish beruvchi o’rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin.
Mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning shartlari, agar qonunda boshqa holat ko’rsatilmagan bo’lsa, bir taraflama o’zgartirilishi mumkin emas. Mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan tartibga solinmagan masalalar mehnat to’g’risidagi shartnoma taraflarining kelishuvi asosida, o’zaro kelishilmagan taqdirda esa, — mehnat nizolarini ko’rib chiqish uchun belgilangan tartibda hal qilinadi.
Xususan, mazkur Kodeksning 89, 95-moddalari va 156-moddasining 2-bandida nazarda tutilgan hollarda ish beruvchi xodimning roziligisiz mehnat shartlarini o’zgartirish huquqiga ega.
Qarang: Mazkur Kodeksning XV bobi va O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksi II bo’limining 2-kichik bo’limi («Davo ishlarini yuritish»).
5-modda. Mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalar shartlarining haqiqiy emasligi
Mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning xodimlar ahvolini mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilganiga qaraganda yomonlashtiradigan shartlari haqiqiy emas.
Qo’shimcha malumot uchun qarang: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 11 martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Yozma holdagi mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzish yuzasidan tavsiyalari»ning VI bo’limi («Mehnat shartnomasi (kontrakt) shartlarining haqiqiy emasligi»).
6-modda. Mehnatga oid munosabatlarda kamsitishning taqiqlanishi
Barcha fuqarolar mehnat huquqlariga ega bo’lish va ulardan foydalanishda teng imkoniyatlarga egadir. Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga bo’lgan munosabati, etiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador bo’lmagan boshqa jihatlariga qarab mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yoki imtiyozlar belgilashga yo’l qo’yilmaydi va bular kamsitish deb hisoblanadi.
Qo’shimcha malumot uchun qarang: O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 18-moddasi.
Mehnat sohasida mehnatning muayyan turiga xos bo’lgan talablar yoki davlatning yuqoriroq ijtimoiy himoyaga muhtoj bo’lgan shaxslar (ayollar, voyaga etmaganlar, nogironlar va boshqalar) to’g’risidagi alohida g’amxo’rligi bilan bog’liq farqlashlar kamsitish deb hisoblanmaydi.
Mehnat sohasida o’zini kamsitilgan deb hisoblagan shaxs kamsitishni bartaraf etish hamda o’ziga etkazilgan moddiy va manaviy zararni to’lash to’g’risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.
Qarang: mazkur Kodeksning 188-moddasi, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1021 va 1022-moddalari hamda O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik prosessual kodeksi II bo’limining 2-kichik bo’limi («Davo ishlarini yuritish»), O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000 yil 28 apreldagi 7-sonli «Manaviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qo’llashning ayrim masalalari to’g’risida»gi qarori.
7-modda. Majburiy mehnatning taqiqlanishi
Majburiy mehnat, yani biron-bir jazoni qo’llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.
Qarang: O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 37-moddasining ikkinchi qismi, O’zbekiston Respublikasining «Aholini ish bilan taminlash to’g’risida»gi Qonuni 2-moddasining uchinchi qismi.
O’zbekiston Respublikasi Mamuriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 51-moddasida mehnatga majburlaganlik uchun mamuriy javobgarlik nazarda tutilgan.
Quyidagi ishlar, yani:
harbiy yoki muqobil xizmat to’g’risidagi qonunlar asosida;
Qarang: O’zbekiston Respublikasining «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risida»gi Qonuni 32-moddasining to’rtinchi qismi, 37-moddasi va 40-moddasining beshinchi qismi.
favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda;
Qarang: O’zbekiston Respublikasining «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to’g’risida»gi Qonunining 16, 24 va 25-moddalari.
sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan;
Qarang: O’zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 42, 88, 155-moddalari va 13-bobi («Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar mehnati»).
qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo’lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.
Xususan, qarang: O’zbekiston Respublikasining Mamuriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi 346-moddasining to’ritinchi—oltinchi qismlari.
8-modda. Mehnat huquqlarini himoya qilish
Har bir shaxsning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlanadi, bu himoya mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini tekshiruvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek mehnat nizolarini ko’ruvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Qarang: mazkur Kodeksning 9 va 260-moddalari.
9-modda. Mehnat sohasidagi davlat boshqaruvi. Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini tekshirish va nazorat qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Mehnat sohasidagi davlat boshqaruvini O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va uning hududiy organlari amalga oshiradi.
(9-moddaning birinchi qismi O’zbekiston Respublikasining 2018 yil 3 yanvardagi O’RQ-456-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari malumotlari milliy bazasi, 05.01.2018 y., 03/18/456/0512-son)
Qarang: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 20 apreldagi 117-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O’zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi to’g’risida»gi nizom.
Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlariga va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etilishini tekshirish va nazorat qilishni quyidagilar amalga oshiradi:
1) shunga maxsus vakil qilingan davlat organlari va ularning inspeksiyalari;
Qarang: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 19 fevraldagi 29-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Mehnatni muhofaza qilish boshqarmasi to’g’risida»gi nizom va «O’zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi to’g’risida»gi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
2) kasaba uyushmalari.
Qarang: O’zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to’g’risida»gi Qonuni.
(9-moddaning ikkinchi qismi 2-bandi O’zbekiston Respublikasining 2001 yil 7 dekabrdagi 320-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002 y., 1-son, 20-modda)
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini tekshirishni qonunda belgilangan tartibda amalga oshiradilar.
O’zbekiston Respublikasi hududida mehnat to’g’risidagi qonunlarning aniq va bir xil ijro etilishi ustidan nazorat olib borish O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo’ysunuvchi prokurorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Qarang: O’zbekiston Respublikasining «Prokuratura to’g’risida»gi Qonuni.
10-modda. Xalqaro shartnomalar, konvensiyalar hamda O’zbekiston Respublikasi mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlarining nisbati
Agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida yoki Xalqaro Mehnat Tashkilotining O’zbekiston tomonidan ratifikasiya qilingan konvensiyasida xodimlar uchun mehnat to’g’risidagi qonunlar yoki boshqa normativ hujjatlarga nisbatan imtiyozliroq qoidalar belgilangan bo’lsa, xalqaro shartnoma yoki konvensiyaning qoidalari qo’llaniladi.
O’zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining yoki Xalqaro Mehnat Tashkilotining O’zbekiston tomonidan ratifikasiya qilingan konvensiyasining qoidalari mehnatga oid munosabatlar bevosita qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan hollarda ham qo’llaniladi.
11-modda. O’zbekiston Respublikasining fuqarosi bo’lmagan shaxslarga nisbatan mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlarining qo’llanilishi
Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi hududida ishlayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo’lmagan shaxslarga ham tatbiq etiladi.
12-modda. Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlarining chet el korxonalarida qo’llanilishi
Chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga to’liq yoki qisman tegishli bo’lgan va O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan korxonalarda O’zbekiston Respublikasining mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlari qo’llaniladi.
13-modda. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash
Ushbu Kodeks mehnat huquqlari va burchlarining vujudga kelishi yoki bekor bo’lishi bilan bog’laydigan muddatning o’tishi uning boshlanishi belgilangan kalendar kunning ertasidan etiboran boshlanadi.
Yillar, oylar, haftalar bilan hisoblanadigan muddatlar so’nggi yilning, oyning, haftaning tegishli kunida tugaydi. Kalendar bo’yicha hisoblanadigan haftalar yoki kunlar muddatiga ishlanmaydigan kunlar ham qo’shiladi.
Basharti muddatning so’nggi kuni ishlanmaydigan kunga to’g’ri kelsa, undan keyin keladigan birinchi ish kuni muddat tugaydigan kun deb hisoblanadi.

 

Haqqimizda

Яна маълумот

O’z vaqtida to’shagni almashtirmaganlarga OGOHLANTIRISh: Siz bu kasalliklarni yuqtirishingiz mumkin

To’shaklar chang, kir bo’lsa, o’lik teri hujayralari, ter, soch va boshqa mayda zarralarni to’playdi. To’shagingizni har …